Mehnat qilgan kam bo‘lmaydi
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘inida 2,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholining asosiy daromadi dehqonchilik va chorvachilik. Mahalladagi A’zam Primov xonadonining daromadi 4 sotixli issiqxonadan. Xonadon bekasi Qizlarxon Ro‘ziyeva, o‘tgan yil mazkur issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon parvarishlab erta bahorda 50 million so‘m daromad olgan.
– Daromad ortidan ikki qizimni orzu-havas qilib uzatdik, – deydi Qizlarxon opa. – Hozir o‘g‘limni oliygohda o‘qityapmiz. Uy-joyimizni yangiladik, mashina oldik. Xullas, mehnat qilib kam bo‘lmadik. Hozir issiqxonada yerni o‘g‘itga to‘yintirish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, uch bosh qoramol, besh bosh qo‘y-qo‘zi boqamiz.



Tumanda aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha “xonadonbay” ish olib borilmoqda. Bunda ijtimoiy reyestrda turgan, nogironligi bor aholi vakillari bilan manzilli ishlash, chet davlatlarda yurgan fuqarolarni oilasi bag‘riga qaytarish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kafolatli bandligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri