Media-tur: Farg‘onada baliqchilik rivojlanmoqda
Xalqimiz azaldan baliqni halol va pok yegulik sifatida qadrlab kelgan.
Yetti xazinaning biri sifatida e’tirof etiluvchi bu ozuqaning aholini yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlashdagi o‘rni ham salmoqli. Xo‘sh, bugungi kunda aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, baliq mahsulotlari narxining barqaror saqlanishi, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish, aholiga qo‘shimcha daromad manbaini yaratish va nihoyat, sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish borasida Farg‘ona viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan media-turda jurnalist va blogerlar mazkur jarayon bilan yaqindan tanishdi.
Hozirgi kunda viloyatda 467 ta baliqchilik xo‘jaliklari mavjud. Shundan 464 ta xo‘jalik 6 ming 300 gektar sun’iy suv havza maydonlarida hamda 3 ta xo‘jalik sub’ekti 3 ming 988 gektar tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirish bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda.
Viloyatda 2021 yilda barcha xo‘jaliklar tomonidan 40 ming 600 tonna baliq yetishtirilgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan 2020 yilga nisbatan 135 foiz ko‘p demakdir. Shuningdek, umumiy qiymati 44 milliard so‘m bo‘lgan 13 ta yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirilgan. Joriy yilda viloyatdagi 3 ming 700 gektar sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish hisobiga baliq yetishtirish hajmini 60 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
–Keyingi yillarda viloyatimizda baliqchilikka katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sohaga klaster tizimini tatbiq etish, intensiv usulda baliq yetishtirish, mavjud tabiiy va sun’iy suv havzalarini bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatga olish va ularning elektron xaritalarini yaratish ishlari olib borilmoqda, – deydi “Farg‘ona baliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Umidjon Meliyev.
– Aholi va tadbirkorlarning baliq yetishtirishga nisbatan qiziqishi yil sayin ortib bormoqda. Galdagi vazifalar ularga har jihatdan ko‘maklashish, yangi mahsuldor turlarni olib kelish, intensiv usullarni keng joriy etish, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishdan iborat.
“Farg‘ona baliqsanoat agrofirmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Yozyovon tumanida respublikada birinchi bo‘lib 1,2 sotix maydonda yuqori intensiv usulda 100 tonna baliq yetishtirish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, Oltiariq tumani Qiziltepa cho‘l hududida ushbu xo‘jalik tomonidan osyotr baliqlarini yetishtiruvchi yopiq suv aylanma tizimi ishga tushirildi.
– Asosan osyotr va farel baliq turlarini intensiv usulda yetishtirishga e’tibor qaratganmiz. Yiliga 2 ming tonna baliq yetishtirishni maqsad qilganmiz, – deydi “Farg‘ona baliqsanoat agrofirmasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Sanjarbek Teshaboyev. – Baliq chavoqlarini yetishtirishdan tortib, boqish uchun omuxta yem ishlab chiqarish va mahsulotni qayta ishlashgacha bo‘lgan bosqichlar klaster usulida qamrab olingan. Yozyovon tumani hududidagi Markaziy Farg‘ona suv omborida sadok usulida baliq yetishtirish loyihasi ham ishga tushish arafasida. Buning natijasida baliq yetishtirishni yillik 5 ming tonnaga olib chiqish va qo‘shimcha 100 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoni yaratiladi.
[gallery-7936]
Joriy yilda viloyatda 100 gektar sun’iy suv havzalarini intensivlashtirish ishlari amalga oshirildi hamda baliq yetishtirish hajmi har bir gektardan 8-10 tonnagacha yetkazildi. Xususan, Yozyovon tumanidagi “Ibragimov Doston Fayz” fermer xo‘jaligi tomonidan intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyasi o‘rnatildi. 2018 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Marg‘ilon shahridagi “Mr fish Farg‘ona” korxonasida esa intensiv usulni qo‘llash orqali yiliga 100 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Ma’lumki, har bir sohaning jadal rivojlanishida ilmiy yondashuv va ilg‘or tajribalarni qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Baliqchilik bo‘yicha malakali mutaxassislarni yetishtirish ham hal qiluvchi omillardan sanaladi.
–Ixtiologiya yo‘nalishida 58 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida 3 sotix maydonda 7 ta basseynlar qurilib intensiv usulda baliq boqish yo‘lga qo‘yildi, – deydi Beshariq tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi direktori Alisher Sotvoldiyev. – Hozirda ushbu basseynlarda 6 ming dona Afrika laqqasi va sazan baliqlari boqilmokda.
Bu yil 12 tonna parxezbop baliq go‘shti yetishtirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, maktabimizda proteinga boy baliq yemi, avtomatik ravishda ozuqa tarqatgichlar va suvni kislorod bilan boyitadigan aerator moslamalari ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ydik. Kelgusida baliq ikralari uchun inkubatsiya sexini tashkillash va chet ellik hamkorlar bilan birgalikda baliq mahsulotlarini qayta ishlab, konserva ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqdamiz.
E’tiborlisi, kasb-hunar maktabida sohaga ilmiy tajriba xulosalarini tatbiq etish, yangi turlarni mahalliylashtirish, hosildorlikni yuksaltirish bo‘yicha malakali professional mutaxassislar tayyorlash uchun barcha sharoit yaratilgan. Maktab bitiruvchilari yaqin kelajakda fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlarning yaqin yordamchisiga aylanishi shubhasiz.
Bir so‘z bilan aytganda, Farg‘ona viloyatida aholini sog‘lik uchun foydali va parhez baliq mahsulotlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid ba’zi muammolarni bartaraf etishdagi mutasaddilarning sa’y-harakatlari esa aholining baliq iste’moli ko‘lamini kengaytirish va talabdan oshig‘ini eksportga yo‘naltirish istiqboliga zamin yaratadi.
M.Sulaymonov M. Qodirov (surat),O‘zA