Media sohasi muammolari muhokama qilindi
Urganch shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va uyushmaning Xorazm viloyati bo‘limi hamkorligida “Ommaviy axborot vositalarida xolislik va haqqoniylik mas’uliyati” mavzusida mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV vakillari, axborot xizmatlari rahbar va xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi. Konferensiyada so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda media sohani rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari hamda ularda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
– Chekka qishloq va ovullarimizda, tuman va shaharlarimizda aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralarini, voqea-hodisalarni xolis, haqqoniy, adolatli yoritish ommaviy axborot vositalari vakillari, ya’ni jurnalistlarga katta mas’uliyat yuklaydi, – dedi X.Salimov.
Anjumanda Xorazm viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Bekchanova “Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish mas’uliyati” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni ortib borayotgani sababli axborot tarqatishga mas’uliyat bilan yondashish lozimligini ta’kidladi.
[gallery-14503]
“Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri Nazira Matyakubova “So‘z erkinligi va jurnalist mas’uliyati” mavzusidagi ma’ruzasida matbuot va so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati, ularning davlat bilan jamiyat o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashda o‘ziga xos o‘rni, axborot tarqatishning huquqiy asoslari, jurnalistlar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatli vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.
Mintaqaviy konferensiya ishtirokchilari bugungi kunda ommaviy axborot vositalari oldida turgan muhim vazifalar, mavjud muammolar, gazeta va jurnallarga obuna, jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, bosma va internet nashrlari orqali tarqatilayotgan axborot xolis va haqqoniy bo‘lishini ta’minlash kabi masalalar xususida fikr almashdi.
Muloqot jarayonida “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi sharhlovchisi Adilboy O‘rozov, “Urganch haqiqati” gazetasi muharriri Komil O‘rozimbetov va boshqalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan bir guruh jurnalistlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi. Xorazmda keyingi yillarda amalga oshirilgan keng bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish maqsadida ishtirokchilar uchun Urganch shahri bo‘ylab press-tur ham tashkil etildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari