Media haftalik: zamonaviy bilim va tajriba maydoni
Andijon shahridagi Yoshlar markazida Andijon viloyatida o‘tkazilgan media haftalik yakuniga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan “media haftalik”da viloyatda faoliyat olib borayotgan 600 nafardan ziyod media sohasi vakillari – jurnalistlar, matbuot kotiblari, operator, montajchi, bloger hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Kontent markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, Andijon viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustamjon Eshonov, viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev va boshqalar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘ziga xos, yirik loyiha – media haftalik milliy medianing rivojlanishi, sohada vakillarining bilim, malaka va salohiyatini oshirish hamda axborot makonida raqobatbardosh kontent yaratish, tayyorlanayotgan media mahsulotlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
[gallery-29823]
Bugun media makonda axborot, kontent tayyorlashda tezkorlik, sifat va professionallik muhim o‘rin tutadi, – deydi Kontent markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov. – Shu ma’noda bugungi kunda media sohasining har bir vakili ana shu mezonlar bo‘yicha muayyan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi muhimdir. O‘tkazilgan media haftalikning asosiy maqsad ham soha vakillarining bilim va malakalarini yuksaltirishga qaratildi.
Besh kun davom etgan media haftalik doirasida mamlakatimizning tajribali jurnalistlari va malakali trenerlari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda raqamli media, kontent yaratish, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, sun’iy intellekt imkoniyatlari hamda axborot tarqatishning zamonaviy texnologiyalari bo‘yicha nazariy va amaliy saboqlar berildi.
– Media haftalik doirasidagi mashg‘ulotlarda sifatli media kontent, maqolalar tayyorlash, auditoriya bilan ishlash bo‘yicha bilimlarimizni boyitdik, bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rgandik, – deydi yosh jurnalist Muhamatrasul Mamatqulov. – Olgan bilim va ko‘nikmalarimiz, albatta, kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yordam beradi.
Tadbir yakunida haftalik mashg‘ulotlarida faol qatnashgan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, axborot xizmatlari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari hamda yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, media haftalik ishtirokchilar uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalar manbai, balki tajriba almashish, kasbiy aloqalarni mustahkamlash va zamonaviy media talablarini chuqur o‘rganish imkoniyatini berdi.
Tadbir davomida viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi badiiy jamoalar san’atkorlari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqslar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.