MDH davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti 16 oktyabr kuni boʻlib oʻtadi
Ushbu tadbir kun tartibiga MDH faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan muhim masalalar kiritilgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 11 sentyabr kuni Moskvada MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashib, Hamdoʻstlik Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekistonning 2020-yilda MDHda raisligi rejasining bajarilishi boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Oʻzbekiston ilgari rejalashtirilgan tadbirlarning aksariyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishga muvaffaq boʻlgani taʼkidlandi.
Joriy yil videokonferensiya formatida MDH ustav organlarining yigʻilishlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, 12-may kuni Tashqi ishlar vazirlari kengashi, 29-may kuni Hukumat rahbarlari kengashi va 30-iyun kuni MDH Iqtisodiy kengashi, shuningdek, qator sohaviy hamkorlik organlarining uchrashuvlari oʻtkazildi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning MDHda raisligining asosiy voqeasi — joriy yil 16-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Davlat rahbarlari sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu tadbir kun tartibiga MDH faoliyati samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan muhim masalalar kiritilgani taʼkidlandi.