Maydanak kengliklariga ekstremal sayohat
Sayohat manzillari
Bobokalonimiz Mirzo Ulug‘bek bundan necha asrlar oldin astronomiya ilmiga ulkan hissa qo‘shib, maxsus rasadxona qurdirib, 1018 ta yulduzning joylashuv o‘rnini aniqlab sohaga olamshumul yangiliklarni kiritgan edi. Ajdodlarimizning astronomiya sohasidagi sa’y-harakatlari evazigami yoki boshqa bir sabablarga ko‘rami Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Maydanak qishlog‘i kengliklarida jahonda sanoqli bo‘lgan osmon ilmini o‘rganadigan rasadxonalardan biri Maydanak observatoriyasi qurilgan.
Bu galgi sayohatimizni ushbu manzilga yo‘naltirdik. Tog‘ning eng yuqori nuqtalaridan birida joylashgan observatoriyaga boradigan yo‘l anchagina mashaqqatli ekan. Tog‘ yo‘llarida yurish har doimgidek qiyin bo‘ldi. Tobora yuqorilab borar ekanmiz issiq havo o‘rnini tog‘ning salqin havosi egallaydi. Bosim kuchaygan sayin quloqlar bitib, yutinganda ochiladi. Pastliklarda bug‘doylar allaqachon boshoqlab qolgan bir paytda u yerda esa endigina maysalay boshlagan. Qalin qor erishi oqibatida hosil bo‘lgan jilg‘alar tog‘ yo‘llarini o‘pirib tashlagan. Mashina yurishga qiynaladi. Yo‘lda davom etarkanmiz ikki tomonimiz qalin archazor. Borliq tog‘ archalarining hidiga to‘lgan. Yo‘l yoqasidagi jilg‘alardan jildiragan suv oqib turibdi.
Nihoyat olisdagi tog‘ tepaliklaridan belbog‘li sayyora shaklidagi observatoriya ob’ektlari ko‘rindi. Ko‘tarilgan sayin osmon tiniqlashib boradi. Bejizga ayni shu hududda observatoriya qurilmaganiga amin bo‘lasan. Yetib borganimizda bizni observatoriyaning xo‘jalik mudiri Mahmudali Yangiboyev kutib oldi. Shu yerda o‘ttiz yildan buyon ishlayotgan Mahdumali aka salkam tadqiqotchiga aylanib qolgan. U inshootning qurilishidan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixi haqida bilganlarini so‘zlab berdi.
Ta’kidlanishicha, davlatimiz mustaqillikka erishgach ko‘p olimlar observatoriyadan ketib qolgan va bir paytlar dunyoga mashhur katta olimlar makon tutgan maskan huvullab qolgan. Keyinchalik birinchi prezidentimiz tashabbusi bilan observatoriya yana qayta tiklanib, mahalliy mutaxassislar chet ellarda o‘qitilib ishga jalb qilingan. Hozirda xorijiy mutaxassis va akademiyalar bilan o‘zaro aloqalar tiklangan. Bosh teleskop joylashgan binoning oldiga keldik. Atrof kaftdek ko‘rinadi. Tog‘ning soya tomonlarida hali erib ulgurmagan qorlar bor. Kuzatuvchilarning hammasi uyquda ekan. Boisi odatda ular kechasi ishlar va kunduzi dam olar ekan. Nihoyat bitta kuzatuvchini bezovta qilishimizga to‘g‘ri keldi.
[gallery-11825]
Kunduz kunning jozibasi bo‘lganidek, tunning ham o‘z husni bor. Sizu bizga zulmatdek tuyulgan qorong‘ilik ortida shunday sirlar borki, ularni oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Samodagi harakat, koinotdagi o‘zgarishlar va ularning hayotimizdagi ahamiyatini o‘rganish esa ilm hisoblanib, ana shu ilmlar insoniyatning amaliy ehtiyojlari uchun qo‘llaniladi. Yilning 365 kuni davomida fazosi deyarli ochiq va osmoni juda tiniq bo‘ladigan mo‘’jizakor Maydanak observatoriyasi aytish mumkinki, bugun dunyo astronomiyasi rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Observatoriya institutining kichik ilmiy xodimi Bahodir Hafizov ishtirokida teleskop joylashgan binoga kirdik va bahaybat kuzatuv dastgohining ish faoliyati bilan tanishdik.
– Maydanak astronomik observatoriyasi 1970 yil tashkil topgan. Ushbu observatoriya o‘zining yuqori sifatli atmosfera sharoiti va geografik joylashuvi bilan Kanar va Gavayi orollari o‘rtasidagi asosiy astronomik observatoriya hisoblanadi, – deydi Observatoriya institutining kichik ilmiy xodimi Bahodir Hafizov. – Hozirgi kunda Maydanakda o‘nlab teleskoplar har bir bulutsiz kechada yuzlab osmon jismlari bo‘yicha kuzatuv ishlarini olib boradi. Bunday qulay sharoitlar, koinotning noyob jismlarini tekshirish imkonini beradi. Qator muhim tadqiqotlar Maydanakdagi to‘la robotlashgan teleskop yordamida amalga oshiriladi. Bugun astronomiya sohasida eskicha usullar bilan ishlab bo‘lmaydi. Koinotda ro‘y berib turadigan portlashsimon jarayonlar paytida o‘ta qisqa vaqt davomida gamma nurlanish hosil bo‘ladi. Bunday gamma-chaqnashlar kosmosda joylashgan maxsus teleskoplar yordamida qayt etiladi. Portlagan jismlar tabiatini tushunishda ularni gamma chaqnashlar fazasidan keyingi optik nurlanishni kuzatish katta ilmiy ahamiyat kasb etadi. Gamma-chaqnash qayd etilgandan so‘ng bir necha daqiqa ichida optik nurlarni kuzatish yerdagi optik teleskoplar orqali olib boriladi.
So‘nggi yillarda Maydanak observatoriyasidagi AZT-22 rusumli bosh teleskopida sezgirligi juda yuqori bo‘lgan raqamli kameraning o‘rnatilganligi 30 dan ziyod gamma-chaqnashlarning optik diapazondagi nurlanishlarini qayd etishga sabab bo‘ldi. Observatoriya O‘zFA Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutining astronomik kuzatuv punkti hisoblanadi. Bu yerda turli osmon jismlari — kichik sayyoralar, koinot chiqindilari, Somon Yo‘li galaktikamizdagi o‘zgaruvchan va qo‘shaloq yulduzlar, shakllanayotgan galaktikalar kuzatuvlari olib boriladi. Bu safargi sayohatimizda observatoriya ichiga kirish va u yerdagi ish jarayoni bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganimiz ochig‘i bizni juda quvontirdi. Boisi o‘tgan gal ya’ni bundan bir oy avval kelganimizda yo‘llarning qori batamom erib ketmaganligi sabab observatoriyagacha yetib bora olmagan edik.
Dengiz sathidan 2650 metr balandlikdagi observatoriyada hozirda zamon bilan hamnafas faoliyat olib borilmoqda. Bir paytlar osmon jismlarining harakati shunchaki raqamlar orqali aniqlanib kelingan bo‘lsa, hozirda ularning foto tasvirini olish va raqamli texnologiyalar orqali kuzatuv sifati va ilmiy natijalar aniqligini ancha oshirishga erishilgan. Observatoriyadagi ish jarayonini va so‘nggi rusumdagi teleskoplarni kuzatar ekanmiz dunyo astronomiyasida o‘chmas iz qoldirgan Mirzo Ulug‘bek yoqqan mash’al hali hamon lovullab yonib turganiga va bobokalonimizning mehnatlari zoye ketmaganiga tahsin aytdik.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.