“Maydanak” ham sayyohlarning eng sevimli maskaniga aylanadi
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatining turistik salohiyati nihoyatda keng ekani va bundan unumli foydalanish lozimligini viloyatga qilgan tashriflari davomida har gal ta’kidlab o‘tadi. Shu bois keyingi yillarda viloyatda ko‘plab yangidan-yangi turizm marshrutlari tashkil qilinmoqda. Turizm bo‘yicha bir qancha istiqbolli loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi natijasida viloyatga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar soni sezilarli ortmoqda.
Shahrisabz tumanidagi Miraki turizm markazining tashkil etilishi, Kitob tumanidagi Qaynar va Bashir qishloqlarida ko‘plab turizm loyihalarini joriy qilinishi, mana shu yo‘lda amalga oshirilgan ishlarning isbotidir.
Endigi navbat viloyatning Qamashi tumanidagi “Maydanak” observatoriyasi negizida turistik-rekreatsion zona va xalqaro umummavsumiy kurort loyihasidir. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan ushbu yirik loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida hududda zamonaviy mehmonxona, savdo ko‘ngilochar, madaniy-sog‘lomlashtirish ob’ektlari, observatoriya, planetarium, astronomik muzey, atrofni kuzatuv maydoni, sportning tog‘-chang‘i ekstremal turlari tashkil qilinadi.
Dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda joylashgan ob’ektda ayni kunlarda ishlar qizg‘in pallaga kirgan.
[gallery-24138]
– Joriy yilda shale uslubida bir qavatli 10 ta va 2 qavatli 10 ta dam olish maskani hamda restoran quriladi, – deydi Maydanak ob’ekti bo‘yicha loyiha menejeri Sevdor Nabijonov. – Bugungi kunda yer ishlari va shalelarning yog‘och qismlarini montaj ishlari olib borilmoqda. Yo‘llarni ta’mirlashda mahalliy granit toshlaridan foydalanyapmiz. Bundan tashqari, bu yerda ikkita teleskop binosi ham bor. Loyiha doirasida ular ham qayta rekonstruksiya qilinadi. Shu bilan birga hududdagi sovuq ob-havoga moslashgan daraxtlar ko‘chatlarini ham sinov muddati bilan ekishni boshladik. Birinchi bosqich qurilish ishlarini joriy yilning oktyabr oyigacha yakunlashni mo‘ljallayapmiz.
Aytish joizki, Qamashi tumanida ham ekoturizm, ziyorat turizmi va gastroturizmni yanada rivojlantirish uchun kattagina potensial bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda hududga 1,5 ming nafar xorijiy, 24 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, Maydanak baland tog‘ turizm maskani kabi sayyohlik marshrutlarini ishga tushishi hisobiga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar sonini 10 mingdan, mahalliy sayyohlar sonini esa 54 mingdan oshishi kutilyapti. Kelajakda yillar davomida bu ko‘rsatkichni 150 mingga yetkazish mo‘ljallangan.
– Maydanak observatoriyasi 1970 yilda barpo etilgan bo‘lib, asosan harbiy baza sifatida foydalanilgan, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Jasur Norqobilov. – Hozirgi kunda bu yerni turizm maskaniga aylantirish reja qilingan. Bunda davlatimiz rahbarining 2023 yildagi Maydanak baland tog‘ turizm maskani tashkil etish bo‘yicha chiqarilgan qarorlari muhim omil bo‘lmoqda. Shu qarorga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshchiligida “Turonbank” mablag‘lari hisobiga qurilish ishlari boshlab yuborildi. Ko‘rib turganingizdek ob’ektning tabiat manzarasi juda chiroyli va bahavo. 9 ming gektardan ortiq maydonni Zarafshon archasi qoplab olgan. Kelajakda 58 gektar maydonning 14,75 gektarida 21 ta lotlar mo‘ljallangan. Hozir 6 ta lot bo‘yicha ishlar ketyapti. Qolganlari bosqichma-bosqich auksionga chiqarilib, tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Yurtimizning bu kabi so‘lim va ko‘rkam go‘shalari bisyor. Shunchaki bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda turistik loyihalarni amalga oshirish esa, iqtisodiy samaradorlikka erishishga, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari