Maxsus texnikalar va mashina mexanizmlari topshirildi
Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida “Buxorosuvta’minoti” AJga 25 ta maxsus texnikalar va mashina mexanizmlari olib kelindi.
Mazkur texnikalarni topshirish tadbirida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari ishtirok etdi. Zamonaviy mazkur mashina va mexanizmlar korxonaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan birga iste’molchilarga ichimlik suv yetkazib berish, oqava xizmatlari ko‘rsatish, loyiha doirasidagi ishlar sifatini yaxshilashi ta’kidlandi.
Oxirgi yillarda viloyatda Jahon banki kreditlari hisobidan Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qiymati 139,0 million AQSH dollari hamda Buxoro va Kogon shaharlari oqava tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 55,0 million AQSH dollari bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi hisobiga viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 51 foizdan 73 foizga, oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi 9,2 foizdan 15 foizga oshirildi.
[gallery-21850]
Mazkur loyihalarning uzviy davomi sifatida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida jami 633,5 million AQSH dollar bo‘lgan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi viloyatda 195 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 1 million 600 ming aholini markazlashgan toza ichimlik suv hamda 165 ming aholini markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan ta’minlashdan iboratdir.
Umuman, ikki bosqichdagi ishlar o‘z yakuniga yetkazilganidan so‘ng aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 95 foizga, oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish 40 foizga yetadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari