Mavsumni “Qizilqum” g‘alaba bilan boshladi
Navoiy shahridagi “Yoshlik” o‘yingohida Superliganing 1-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Andijon” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilgi mavsumda 25 ochko to‘plab, Superligada qolish vazifasini uddalagan “Qizilqum” jamoasi joriy yilda yuqori natijalarni ko‘zlagan holda tarkibini bir qator iste’dodli va legioner futbolchilar bilan kuchaytirdi.
Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limining dastlabki daqiqalarini jamoalar bir-birini o‘rganishga sarfladi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan keyin maydon egalarining hujumlari xavfli tus ola boshladi. Shunday hujumlarning birida mehmonlar darvazaboni Nizomiddin Ziyovutdinov Jamshid Hasanovni qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishga majbur bo‘ldi.
Natijada o‘yinni boshqarib borayotgan Firdavs Norsafarov mehmonlar darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Penaltini esa “Qizilqum” jamoasining 7-raqamdagi yarim himoyachisi Oybek Qilichev aniq amalga oshirdi va mezbonlarni oldinga olib chiqdi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin “Andijon” o‘yinchilari oldinga tashlandi. Ammo Jasur Jaloliddinov va Doniyor Ismoilovning urinishlari besamar ketdi. Birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakuniga yetdi.
Ikkinchi bo‘limda har ikkala jamoa o‘yinchilari hujumni kuchaytirdi. Mehmonlar hisobni tenglashtirish, mezbonlar esa hisobni yanada oshirishni maqsad qildi.
O‘yin davomida darvozalar oldida sodir etilgan bir qator xavfli vaziyatlar darvazabonlar va himoyachilarning faolligi evaziga bartaraf etildi.
Yakunda o‘yin 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi va navoiyliklar dastlabki 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA