Mavsum betalafot o‘tadi
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, aholining go‘sht, sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, aholining go‘sht, sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Navoiy viloyatida go‘sht mahsulotlari yetkazishda shimoliy hududlardagi chorvachilikka ixtisoslashgan shirkat xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘lmoqda. Viloyatning qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklarida mavsum uchun qariyb 117 ming tonnadan ortiq dag‘al xashak zaxirasi yaratildi. 1 ming 307 yopiq hamda 1 ming 88 ochiq qo‘rani mavsumga tayyorlash, tom va devorlarini ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilayotir. Qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklarida maxsus shtablar tashkil etilgani mushkul vaziyatlarda otarni talafotlardan omon saqlab qolish hamda malakali zooveterinariya xizmati ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi.
– O‘z ishini puxta biladigan tajribali cho‘pon otarini ko‘klamga betalafot olib chiqadi, – deydi Nurota tumanidagi “Istiqlol” shirkat xo‘jaligi raisi N.Esonov. – Shunga amal qilib, biz ham qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rdik. 5 ming 850 tonna dag‘al xashak, 150 tonna arpa, 70 tonna omixta yem hamda qo‘shimcha ozuqalar jamg‘arildi.
“Navoiy qorako‘l” birlashmasi belgilangan ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirmoqda. Xususan, chorvaga suv yetkazib beruvchi quduqlarning barchasi maxsus ko‘rikdan o‘tkazildi.
Mavsumda cho‘pon va ishchilarga zarur sharoitlar yaratish hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish ham doimiy e’tiborda. Ayni paytgacha cho‘pon-cho‘liqlar maxsus qishki kiyim-bosh bilan ta’minlandi. Oila pudratchilarining oziq-ovqat zaxirasini mustahkamlash maqsadida un, o‘simlik yog‘i, shakar va asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilmoqda.