Matonatlilarning “Marvarid yurti”dagi mardonavorligi
Bahraynda davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi IV Para Osiyo o‘yinlari mamlakatimizning matonatli sportchilari uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
E’tiborlisi, Arab davlatlarining eng kichigi bo‘lishi bilan birga mintaqaning “Marvarid yurti” nomi bilan dunyoga tanilgan Baxraynda o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining uchinchi kungi natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik yosh parasportchilar 6 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning uchinchi kunida para suzish bahslarida S8 klassida 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha 1:18:80 daqiqa natija qayd etgan hamyurtimiz Azizbek Boynazarov marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi. Xuddi shu masofaga brass usulida suzish bahslarida esa Azizbek oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Para taekvondo bahslarida 3 nafar sportchimiz ishtirok etdi va 2 ta oltin hamda 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jumladan, 58 kg vazn toifasida Qudratillo Shonazarov hamda 70 kg vazn toifasida Asilbek Husanov oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, 63 kg vaznda Qudrat Haydarovga bronza medali nasib etdi.
Bugun musobaqa dasturidan o‘rin olgan so‘nggi bellashuvlar va IV Para Osiyo o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA