Matias Vangler: maqsadimiz xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung” tashkiloti hamkorligidagi xalqaro loyiha doirasida Andijon shahrida xotin-qizlar uchun Tadbirkorlik markazi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda aholining, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda hamkorlik loyihalari doirasida xalqaro tashkilotlar ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Germaniyaning “German Sparkassenstiftung” tashkiloti ham ta’lim sohasida, ya’ni yoshlar hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ana shu yo‘nalishdagi bilim va malakalarini oshirish, kasb-hunar o‘rganishlariga ko‘maklashish borasida samarali ish olib borayotgan xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi.
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi bilan hamkorlikda Andijon shahrida tashkil etilgan, doimiy ish olib boradigan xotin-qizlar Tadbirkorlik markazi ham tashkilotning ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Tadbirkor va tadbirkorlik qilish, kasb-hunar o‘rganish istagidagi xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nigoraxon Yaqubova, “German Sparkassenstiftung” tashkilotining O‘zbekistondagi regional filiali rahbari Matias Vangler ishtirokida markaz ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda markazning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari xususida keng ma’lumotlar berildi.


– Germaniya davlati ko‘plab sohalarda O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi, – deydi “German Sparkassenstiftung” tashkilotining O‘zbekistondagi regional filiali rahbari Matias Vangler. – Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi mamlakat hukumati tomonidan olib borayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etadi. Ana shu yutuqlar shubhasiz, o‘zbekistonliklar taqdirida muhim rol o‘ynaydi. Chunki ushbu yutuqlar sabab sizlar taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarila olasiz.
Germaniya hukumati fondimizni ta’lim sohasidagi faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlab keladi.
Biz Yevropadagi yirik bank-moliya guruhi vakili bo‘lsak-da, O‘zbekistonda ana shu yo‘nalishda ish olib bormaymiz, balki ta’lim tashkiloti sifatida ish yuritamiz. Germaniyaning iqtisod, moliya va tadbirkorlik sohalaridagi boy tajribalarni o‘rgatamiz, amaliyot va ilm-fanni bir-biriga yaqinlashtiramiz. Ana shu yo‘nalishda o‘qishlar tashkil etamiz.
Fondimiz tomonidan Respublikaning barcha viloyatlarida o‘quv markazlari tashkil etilgan. Markazdagi o‘quv kurslarida tajribali trenerlar tomonidan yoshlarga, ayniqsa, qishloq ayollariga tadbirkorlik, biznes-reja tuzish, biznesni yuritish, mahsulot ishlab chiqarish, singari qator yo‘nalishlarda xalqaro e’tirof etilgan bilim va tajribalar o‘rgatiladi. Bizning asosiy maqsadimiz, yoshlar va opa-singillarimizni tadbirkorlikka jalb etish, ularning imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, tadbirkorlikka oid bilim va ko‘nikma-larini boyitish, pirovardida, turmush farovonligini yuksaltirishga ko‘maklashishdan iborat.

Darhaqiqat, “German Sparkassenstiftung” tashkilotining moliyaviy ko‘magida Andijon shahar markazidagi “Ma’rifat uyi”da tashkil etilgan va eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan markazda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatidagi opa-singillarimiz, yoshlar uy mehmonxonasi, uy-bog‘cha, go‘zallik saloni, issiqxona tashkil etish, tikuvchilik, bog‘dorchilik, hunarmandchilik, qandolatchilik hamda kompyuter savodxonligi, IT va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida bepul o‘qitiladi.
Mashg‘ulotlar “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi hamda uyushmaning Andijon filiali malakali mutaxassis va trenerlari tomonidan olib boriladi.
– Tadbirkorlik markazining asosiy faoliyati xotin-qizlar, ayniqsa, chekka-chekka hududlarda yashayotgan qishloq ayollarining tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shu bilan birga, ayollarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, qayta tayyorlash hamda ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashishdan iborat, – deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nigoraxon Yaqubova. – Ya’ni bu yerda ayollarimiz tadbirkorlik bo‘yicha bepul o‘qib, zarur bilim va malakaga ega bo‘ladi, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yadi. Mazkur jarayonda mutaxassislar ularga yaqindan yordam ko‘rsatadi, zarur maslahat va tavsiyalar beradi.
Bu orqali opa-singillarimiz o‘z biznesiga, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topadi. Ishonamanki, ushbu markaz andijonlik ayollarning yaqin ko‘makchisiga aylanadi.


“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasining Andijon filiali tasarrufidagi ushbu markaz kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan xotin-qizlarga maxsus sertifikat beriladi, ular imtiyozli kredit olish uchun banklarga yo‘naltiriladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari