Matbuotga baxshida umr
FOTOREPORTAJ
Har bir davrning o‘z fidoyilari, o‘z maktabini yarata olgan ustozlari bo‘ladi. Ular nafaqat kasbiy faoliyati, balki tarbiyalagan shogirdlari, yaratgan ijodiy muhiti bilan ham qadrlanadi. Buxoro jurnalistikasi taraqqiyoti haqida so‘z ketganda ana shunday ustozlar qatorida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Jahongir Ismoilov nomi alohida tilga olinadi.
Qirq yildan ziyod vaqt davomida matbuot sohasida samarali mehnat qilgan Jahongir Ismoilov faol jurnalist, mohir tashkilotchi, tajribali rahbar va sermahsul ijodkor sifatida keng jamoatchilikka tanildi. U mehnat faoliyatini viloyatning nufuzli nashri – “Buxoro haqiqati” gazetasida boshlab, keyinchalik “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalariga bosh muharrirlik qildi. 1996–2002-yillarda respublika ziyolilarining bosh nashri hisoblangan “Ma’rifat” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri sifatida faoliyat yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limiga rahbarlik qilib, milliy jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shdi.
Ustozning eng katta xizmatlaridan biri – yosh kadrlarni tarbiyalash va ularning sohada munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashganidir. Uning bevosita mehnati va maslahatlari bilan kamol topgan yoshlar bugun turli sohalarda mas’ul vazifalarda faoliyat yuritmoqda. Jumladan, viloyatda birinchi bo‘lib Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan, bugungi kunda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Iroda Oripova, mehnat faoliyatini “Buxoronoma” gazetasida boshlab, hozirda viloyat hokimining maslahatchisi lavozimida ishlayotgan Akbar Rustamov, Buxoro viloyat hokimining matbuot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev kabi jurnalistlar ustozning munosib shogirdlari sifatida e’tirof etiladi.
[gallery-30118]
J.Ismoilov ijod sohasida ham salmoqli meros qoldirgan adiblardan hisoblanadi. Uning publitsistika, she’riyat, nasr va memuar janrlardagi yigirmaga yaqin kitobi nashr etilgan. “Tutash taqdirlar”, “Jasoratning davomi”, “Vaqt qadri”, “Yurt mehri”, “Sog‘inch”, “Bahordan kuzgacha”, “So‘nggi manzil”, “Tanazzul”, “Chiptasiz odamlar”, “Hayotning quvonchu ozorlari” kabi asarlari kitobxonlar e’tiborini qozongan.
Jahongir Ismoilov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni, “Oltin qalam” milliy mukofoti hamda qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Ustozning turmush o‘rtog‘i Sora Tosheva ham ta’lim va matbuot sohasida o‘zining munosib o‘rniga ega ijodkorlardan sanaladi. U “Buxoro muallimi”, “Iste’dod” gazetalarida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritib, ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, pedagoglar ovozini keng jamoatchilikka yetkazishda katta xizmat qildi.
Bugun Jahongir Ismoilov va Sora Tosheva kabi fidoyi insonlar mehnati tufayli shakllangan ijodiy maktab o‘z samaralarini bermoqda. Ularning hayot yo‘li, kasbga sadoqati va insonlarga mehri yosh jurnalistlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA