Matbuot kotiblari uchun seminar
Buxoroda “Tashkilot imidjini shakllantirishda axborot xizmati rahbarining asosiy vazifalari va hukumat qarorlari ijrosining amalda bajarilayotganini OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Buxoro viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarda boshqarma mutaxassislari, shahar va tuman hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarining axborot xizmati rahbarlari qatnashdi.

Seminar Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi. Unda “Viloyat imidjini shakllantirishda axborot xizmati rahbarlarining asosiy vazifalari haqida”, “Ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanish”, “Tanqidlarga javoblar tayyorlanishidagi jarayonlar, masalaning o‘rganilishi, mutasaddilarga yo‘naltirilishi, ularning bunga munosabati, natija”, “PR san’ati”, “Hukumat qarorlari ijrosi jarayonini samarali yoritishda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni. Kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining “Ochiqlik indeksi” nimalarga asoslanib baholanadi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
– Seminarda bugungi kunda matbuot kotiblari oldida turgan vazifalar, ularning faolligi, tashkilot imidjini mustahkamlashdagi o‘rni va kelgusi rejalar haqida fikr almashildi, – deydi boshqarma rahbari Gulnora Samiyeva. – Buxoro shahar hokimligi axborot xizmati faoliyati namuna sifatida ko‘rsatildi. Barcha matbuot kotiblari bilan xuddi shunday seminarlarni hududlarda tashkil etishga kelishib olindi.

Ta’kidlash joizki, 2021 yil ikkinchi yarmida Respublika reytingida Buxoro shahar hokimi matbuot kotibi faoliyati yuqori darajada baholangan edi. Ushbu seminar aynan Buxoro shahar hokimi matbuot kotibi faoliyati misolida tashkil etildi. Seminar qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy tarzda o‘tkazildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA