Matbuot anjumani o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak” markazida “Kelajak sari ilk qadam” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda markaz direktori Ruslan Tashimov davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy yondoshuvlar asosida rivojlantirish orqali bolalarning bo‘sh vaqtlarni mazmunli va samarali tashkil etish, ularni intellektual jihatdan yetuk, Vatanga sadoqatli, tarix va milliy madaniyatimizga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yosh avlodning ijodiy qobiliyati va iste’dodini rivojlantirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlar mujassam etilgan besh tashabbus amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Qarorga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta respublika, 17 ta shahar va tuman “Kelajak” markazi tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur markazlarning asosiy vazifalari maktabga tayyorlov guruhlarida bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijod kompetetsiyalarini shakllantirish, o‘quvchilarni Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan ta’lim maktablariga tayyorlash, iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning STEAM fanlari hamda ilm-fanga bo‘lgan intilishlarni rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ruyobga chiqarishdan iborat.
Shuningdek, o‘quvchilarni sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlariga jalb etish orqali ularning yaratuvchilik ko‘nikmalarini yanada shakllantirish hamda turli to‘garaklarni tashkil etish, o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va ularni o‘qitishning zamonaviy uslublari asosida to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘quvchilarda ekologik bilimlarni, ekologiyaga oid loyihalarni amalga oshirish, ularning ijodiy va badiiy qobiliyatini rivojlantirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularda sportning olimpiada va ommaviy turlariga qiziqishni oshirish hamda maktab sport klublari faoliyatini rivojlantirish, sport seksiyalariga amaliy yordam ko‘rsatish talab etiladi.
O‘quvchilarda hunar egallash bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchilarining kasbiy malakasini oshirish ishlarini tashkil etish, ularga metodik va uslubiy yordam ko‘rsatish, innovatsion tarbiya va ta’lim tajribalarini amaliyotga joriy etishda maktablarga ko‘mak berish kerak.
[gallery-27504]
Hozirgi kunda markazlardagi jami 750 ta to‘garakka 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 20 ming 296 nafar o‘quvchi jalb qilingan bo‘lib, ularga 394 nafar oliy, 238 nafar o‘rta-maxsus va 147 nafar tugallanmagan oliy ma’lumotli pedagog kadr ta’lim berib kelmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha umumta’lim maktablaridagi 517 ta tarmoq to‘garagiga 14 ming 164 nafar, mahallalarda tashkil etilgan 21 ta tarmoq to‘garagiga 587 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
“Kelajak” markazlarida mashg‘ulotlar zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida, malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi hamda yoshlarning qiziqishi va individual imkoniyatlari inobatga olinadi. Mazkur markazlar faoliyati yosh avlodni zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va kelgusida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak” markazida faoliyat olib borayotgan to‘garaklar bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari