Masjidlarda barcha qulaylik mavjud
Sirdaryo viloyatida ham muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.


– Sirdaryo viloyatida bu yilgi Ramazon oyida 72 ta jome’ masjidda taroveh namozlari o‘qiladi. Shundan 43 ta masjidda mukammal xatmi Qur’on o‘qiladi, – deydi Sirdaryo viloyati bosh imom xatibi Habibulloh Zokirov. – Barcha masjidlarda Qur’oni Karim xatmi bir maromda bir xil o‘qiladi va xatmning yakuni Qadr kechasida bo‘ladi. Ayni paytda viloyatning barcha masjidlarida namozxonlar uchun zarur sharoitlar yaratilib, masjidlar atrofida avtoturargohlar tashkil etilgan. Tahoratxonalar tartibga keltirilib, ovoz kuchaytirgichlar soz holatga keltirilgan. Bir so‘z bilan aytganda yurtdoshlarimiz namozlarini mukammal ado etishlari uchun masjidlarimiz tayyor holda. Bundan tashqari muborak Ramazon oyi davomida muhtojlar uchun saxovat, mehr-muruvvat tadbirlarini o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA