Markaziy Osiyoda suv hamkorligi — barqaror taraqqiyotning muhim omili
«Ishonchim komil, suv muammosini hal qilishning mintaqa mamlakatlari va xalqlari manfaatlarini teng hisobga olishdan boshqa oqilona yo‘li yo‘q».
Shavkat Mirziyoyev.
Markaziy Osiyoda hayot azaldan suv bilan chambarchas bog‘liq. Amudaryo va Sirdaryo havzalarida taraqqiyot asrlar davomida suv manbalari atrofida shakllangan.
Bugun suv masalasi har qachongidan ham dolzarb. Iqlim o‘zgarishi, aholi va iqtisodiyotning o‘sishi, muzliklarning qisqarishi, qurg‘oqchilik va keskin ob-havo hodisalari suvga bo‘lgan bosimni kuchaytirmoqda. Bir narsa aniq: Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini biror davlat yolg‘iz o‘zi ta’minlay olmaydi. Buning yo‘li — hamkorlik, o‘zaro ishonch, aniq hisob va umumiy mas’uliyat.
Bir daryo havzasi — mushtarak manfaatlar
Markaziy Osiyodagi yirik daryolar bir mamlakat hududida shakllanib, boshqa davlatlar orqali oqib o‘tadi. Sirdaryo suvi Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun, Amudaryo suvi esa Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Turkmaniston uchun birdek muhim.
Shuning uchun mintaqada “yuqori oqim” va “quyi oqim” manfaatlarini bir-biriga qarshi qo‘yish emas, ular o‘rtasida muvozanatni saqlash muhim. Bir mamlakat uchun suv gidroenergetika manbai bo‘lsa, boshqasi uchun ekinlarni sug‘orishning asosiy manbaidir. Daryolar ekotizimini asrash, Orolbo‘yidagi vaziyatni yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash esa barcha davlatlar uchun umumiy vazifadir.
Markaziy Osiyoda suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Suvni faqat bir tarmoq yoki bir mamlakat manfaatidan kelib chiqib boshqarib bo‘lmaydi. Suv, energiya, oziq-ovqat va ekologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni hisobga olgan holda, mintaqaviy yondashuv zarur.
Ochiq muloqot — amaliy natijalarga yo‘l
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ochiq muloqot kuchaydi. Bu suv sohasidagi munosabatlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ilgari asosiy e’tibor mavsumiy suv taqsimotiga qaratilgan bo‘lsa, bugun suv va energetika hamkorligi, umumiy suv inshootlarini birgalikda boshqarish, raqamlashtirish, suv hisobini yaxshilash, ilm-fan va kadrlar tayyorlash masalalari ham kun tartibiga chiqdi.
2025-yil noyabr oyida Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti suv taqchilligi kuchayib borayotganini ta’kidlab,
2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti huzurida Mintaqaviy suv xo‘jaligi kompetensiyalar марkaзini tashkil etish taklif qilindi.
2026-yil aprelida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida O‘zbekiston rahbari mamlakatimizning 2027–2029-yillarda Jamg‘armaga raisligi davridagi ustuvor vazifalarni ham belgilab berdi. Ular orasida Jamg‘arma faoliyatining tashkiliy va huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, Orol dengizi havzasi dasturlari samaradorligini oshirish, xalqaro mablag‘larni jalb etish, suv madaniyatini yuksaltirish va sohada malakali kadrlar tayyorlash kabi vazifalar bor.
Kelishuvlar — hamkorlikning amaliy asosi
Mintaqaviy muloqot aniq kelishuvlar va amaliy ishlar bilan mustahkamlansagina samara beradi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2025-yil 15-noyabrda transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risida Bitim imzolandi. U ikki mamlakatning suv sohasidagi hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, mas’ul idoralar ishini muvofiqlashtirish va umumiy suv ob’ektlaridan samarali foydalanishga qaratilgan.
Qirg‘iz Respublikasi bilan ham qo‘shma komissiyalar doirasida suvdan foydalanish, gidrotexnik inshootlarni ishlatish va sug‘orish mavsumida suv taqsimoti muntazam muhokama qilinadi. 2026-yil 15-may kuni Namanganda O‘zbekiston–Qirg‘iziston suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Iyun oyida esa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston 2026-yilgi sug‘orish mavsumi uchun suv chiqarish hajmlari va elektr energiyasi yetkazib berish masalalarini kelishib oldi.
Tojikiston bilan qo‘shma Ishchi guruhi doirasida suv xo‘jaligidagi transchegaraviy loyihalar, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashish va boshqa amaliy masalalar muhokama qilib borilmoqda.
O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida yozgi davrda “Bahri Tojik” suv omborining ish rejimini kelishish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu masala har yili uch mamlakat vakillari ishtirokidagi ishchi yig‘ilishlarda kelishib olinadi va tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
Turkmaniston bilan Suv masalalari bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya ishlamoqda. Tomonlar suv tejovchi texnologiyalar, kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, irrigatsiya sohasida ilm-fan va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik qilmoqda. Xususan, 2025-yilda Turkmaniston hududidagi “Ozyorniy” va “Daryolik” magistral kollektorlarini rekonstruksiya qilishning ikkinchi bosqichi bajarildi.
Bu misollar suv sohasidagi hamkorlik umumiy gaplardan aniq amaliy ishlarga — komissiyalar, kelishuvlar, texnik loyihalar va suv-energetika almashinuviga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Aniq hisob — ishonch garovi
Suv masalasida ishonch faqat bayonotlar bilan emas, aniq va ochiq ma’lumotlar bilan mustahkamlanadi.
Daryoda qancha suv bor? Suv omborlaridagi zaxira qancha? Qancha suv chiqarildi va qanchasi iste’molchiga yetkazildi? Yo‘l-yo‘lakay qancha suv yo‘qotildi? Bu savollarga barcha tomon ishonadigan aniq ma’lumotlar asosida javob berish kerak.
Shuning uchun transchegaraviy gidropostlarni avtomatlashtirish, ma’lumotni masofadan olish, suv sarfini raqamli usulda hisoblash va davlatlar o‘rtasidagi ma’lumot almashish tizimlarini uyg‘unlashtirish muhim.
2026-yil iyul oyida Jahon banki Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan “Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik loyihasi”ni (CAWEC) ma’qulladi.
Loyiha doirasida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasiga 20 million dollar grant ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv hisobini raqamlashtirish, axborot tizimlarini yangilash va mutaxassislar malakasini oshirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2031-yilga qadar kamida ikki Markaziy Osiyo davlati ishtirokida o‘zaro manfaatli transchegaraviy investitsiya loyihalarini tayyorlash, ularning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari, loyiha-smeta hujjatlari hamda ekologik va ijtimoiy baholashlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Loyiha natijalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita qariyb
60 million kishi manfaat ko‘rishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda suv tejash — mintaqa manfaatiga ham xizmat qiladi
Transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish uchun har bir mamlakat, avvalo, o‘z hududida suvni tejashga mas’uliyat bilan yondashishi kerak.
2017-yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar 28 ming gektar maydonda qo‘llanilgan edi. 2025-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 2,6 million gektarga, ya’ni sug‘oriladigan maydonlarning qariyb 60 foiziga yetdi. 2026-yil boshidan buyon yana 640 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
Mamlakatimizda 4,3 million gektar sug‘oriladigan maydonni suv bilan ta’minlash uchun qariyb 174 ming kilometr sug‘orish tarmog‘idan foydalaniladi. Bu katta tizimni yangilash, kanallardagi suv yo‘qotishlarini kamaytirish va samaradorlikni oshirish uchun byudjet mablag‘lari yil sayin ko‘paytirilmoqda. Jumladan, irrigatsiya va melioratsiya ishlariga 2017-yilda 842 milliard so‘m, 2020-yilda 1,7 trillion so‘m, 2025-yilda esa 3 trillion so‘m yo‘naltirilgan.
2026-yilda irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlariga davlat byudjetidan 4,1 trillion so‘m ajratildi. Bu 2017-yilga nisbatan 4,9 barobar ko‘p.
Suv tejovchi texnologiyalar, yerlarni lazerli tekislash, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash va betonlash, raqamlashtirish, ekin tarkibini maqbullashtirish hamda agrotexnik tadbirlar hisobiga 2026-yil yakuniga qadar 11 milliard kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan. 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida bu ko‘rsatkichni 2027-yilda 12 milliard, 2028-yilda 13 milliard kub metrga yetkazish belgilangan.
Bu raqamlar butun mintaqa uchun ham ahamiyatli. Chunki bir mamlakatda tejalgan har bir kub metr suv umumiy daryo havzasiga tushadigan bosimni kamaytiradi. Demak, suv tejash — faqat milliy vazifa emas, balki yaxshi qo‘shnichilikning ham amaliy ifodasidir.
Kelajakning besh tayanchi: huquq, hisob, texnologiya, ilm va suv madaniyati
Markaziy Osiyoda suv hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun besh yo‘nalish muhim.
Birinchidan, davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini zamon talablariga moslashtirish zarur. Suv taqsimoti, umumiy infratuzilmadan foydalanish va ma’lumot almashishning aniq huquqiy qoidalari bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, suv hisobini raqamlashtirish va suvning holati hamda oqimiga oid ma’lumotlarni tezkor almashish kerak. Ishonchli ma’lumot — ishonchli hamkorlikning poydevori.
Uchinchidan, eskirgan kanallar, gidrotexnik inshootlar, nasos stansiyalari va suv o‘lchash ob’ektlarini yangilash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘paytirish zarur. Chunki bir mamlakat hududidagi suv inshootining yaxshi ishlashi bir necha davlat manfaatiga xizmat qilishi mumkin.
To‘rtinchidan, suv va energetika masalalarini bir-biridan ajratmasdan ko‘rib chiqish lozim. Suv omborlarining ish rejimi, elektr energiyasi yetkazib berish va mavsumiy ehtiyojlarni o‘zaro muvofiqlashtirish suvdan samarali foydalanishga yordam beradi.
Beshinchidan, ilm-fan, kadrlar va suvdan foydalanish madaniyatiga e’tiborni kuchaytirish kerak. Zamonaviy texnologiyaning o‘zi kifoya emas. Uni biladigan mutaxassis, suvni tejashdan manfaatdor fermer va suv qadrini anglaydigan jamiyat ham bo‘lishi kerak.
Suv tejash — faqat suvchilarning ishi emas. Bu har bir insonning iqtisodiy qarashi, tabiat oldidagi mas’uliyati va kundalik madaniyati bilan bog‘liq.
Suv — umumiy kelajak uchun umumiy mas’uliyat
Markaziy Osiyo tarixiga nazar tashlasak, suv xalqlarni ajratmagan, aksincha, birlashtirgan. Kanallar, ariqlar va daryolar bo‘yida qishloq va shaharlar, bozorlar, madaniy aloqalar shakllangan. Bugun ham suvning ana shu birlashtiruvchi kuchini asrash muhim.
XXI asrda suvni boshqarish faqat uning qancha ekani bilan o‘lchanmaydi. Natija davlatlarning qay darajada hamkorlik qilishi, suvni qancha tejashi, uni qanchalik aniq hisobga olishiga ham bog‘liq.
Oldimizdagi vazifalar oson emas. Suvga talab ortadi, iqlim o‘zgaradi, iqtisodiyotlar rivojlanadi. Ammo mintaqamizda hamkorlik muhiti bor. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti, ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar, zamonaviy texnologiyalar hamda xalqaro hamkorlarning ko‘magi mavjud muammolarga birgalikda yechim topish imkonini beradi.
Suvni birgalikda asrash — tinchlik va barqarorlikni asrashdir. Obi hayotdan oqilona foydalanish esa iqtisodiy taraqqiyotga sarmoyadir. Shu bilan birga, mintaqaning umumiy, farovon va barqaror kelajagiga xizmat qiladi.
Shavkat XAMRAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator.