Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doim xalqaro jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy.
Qirg‘izistondagi eng uzun tunnel transport harakati uchun ochildi
Qirg‘izistonda joriy yilning 1-iyunidan noyabrigacha mamlakat shimoli va janubini bog‘lovchi muqobil avtomobil yo‘li ochildi, deb xabar bermoqda Kazinform agentligi.
Qirg‘iziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘nalishning vaqtincha ochilishi sayyohlik mavsumida tirbandlikni kamaytiradi. Magistralda kunduzi soat 6:00 dan 20:00 gacha harakatlanishga ruxsat beriladi. Avtotransport vositalari uchun yuk chegarasi 11,5 tonna etib belgilangan.
Qayd etilishicha, yo‘lning umumiy uzunligi 433 kilometr. Shundan qariyb 200 kilometri avval qurilmagan uchastka orqali yotqizilgan. “Ko‘k-Art” tunnelining shimoliy va janubiy tomonidagi eng xavfli uchastkalarida uchta yo‘l o‘tkazgich ko‘prigi va ikkita qor ko‘chkiga qarshi galereya ham qurilmoqda.
Qirg‘izistondagi eng uzun tunnel Ko‘k-Art dovonida ikkita yo‘l o‘tkazgich ko‘prigi bilan birga qurildi. Tunnel uzunligi 3,8 kilometrdan ortiq, kengligi 10-14 metr va balandligi 8,6 metrni tashkil qiladi. Ikki qatorli zamonaviy avtomobil yo‘lining kengligi esa 8,5 metrni tashkil etadi. Ikki tomondan eni 0,75 metr bo‘lgan piyodalar uchun yo‘lak ajratilgan. Magistral yo‘lning 324-kilometrida nazorat-o‘tkazish punkti qurilyapti. Tunnel orqali o‘tish uchun to‘lov transport vositasi turi va toifasiga qarab 100 dan 500 ming so‘mgacha o‘zgaradi, deyiladi xabarda.
E’iborlisi, Jaloloboddan Baliqchiga yo‘l vaqti 13 soatdan 6 soatga qisqardi. Tosh va qor ko‘chishi xavfi yuqori bo‘lgani uchun yo‘l qish va bahorda yopiladi. Yo‘nalishning to‘liq ishga tushishi 2028-yilga mo‘ljallangan.
Dushanbeda suv festivali bo‘lib o‘tdi
Tojikiston poytaxtida 4-xalqaro suv konferensiyasi doirasida “Suv festivali” tashkil etildi.
Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad suvning hayotiy resurs sifatidagi qadr-qimmati, shuningdek, toza ichimlik suvining asosiy manbasi sifatida muzliklar ahamiyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdan iborat. Suv resurslaridan ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan foydalanish, ularni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash zarurligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Navro‘zgoh” madaniyat va istirohat bog‘ida anjuman ishtirokchilari va mehmonlar Tojikiston tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir doirasida xalq amaliy san’ati namunalari, tojik va jahon xalqlarining milliy taomlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Konferensiyada 30 dan ortiq davlatdan 2500 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi.
Qozog‘iston 2035-yilgacha 8,4 GVt quvvatga ega yashil ishlab chiqarishni joriy qilmoqchi
Qozog‘iston xalqaro neft yetkazib berish yo‘nalishi va yashil energiya loyihalarini ishlab chiqish orqali Yevroosiyoning asosiy energetika va tranzit markazidan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov Boku energiya haftaligining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Yerlan Akkenjenovga ko‘ra, Ozarbayjon bilan hamkorlik va Kaspiy quvurlari konsorsiumi orqali neft eksporti va yetkazib berishni diversifikatsiya qilishni ta’minlovchi Boku–Tbilisi–Jayhon yo‘nalishini rivojlantirish Qozog‘iston uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston neftini BTC quvuri orqali tashish yetkazib berish hajmini yiliga 1,5 million tonnadan 2,2 million tonnagacha oshirishni nazarda tutadi.
Yalpi majlisda Qozog‘istonning 2035-yilgacha bo‘lgan yangi energetika strategiyasi va kam uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Kam uglerodli rivojlanish konsepsiyasiga muvofiq, mamlakat qayta tiklanuvchi energiya manbasi 8,4 GVt quvvatga ega bo‘lishni rejalashtirmoqda.
Bugungi kunda mamlakatning umumiy quvvati qariyb 3,7 GVt bo‘lgan 169 ta qayta tiklanuvchi energiya ob’ekti faoliyat ko‘rsatadi. Bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb 7 foizini tashkil etadi.
Vazir, shuningdek, Qozog‘iston Ozarbayjon va O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan Kaspiy yashil energiya yo‘lagi loyihasi ahamiyatini ta’kidladi.
– Biz Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida toza energiya va zamonaviy texnologiyaga asoslangan yangi energetika ko‘prigi yaratmoqdamiz, – dedi Yerlan Akkenjenov.
Qozog‘iston, shuningdek Mang‘istau viloyatidagi “Hyrasia One” loyihasini ishlab chiqyapti va chiqindini kamaytirish va energetika sektorini modernizatsiya qilish uchun toza ko‘mir texnologiyasini joriy qilmoqda.
Ashxobodda Turkman gilami festivali bo‘lib o‘tdi
Turkmanistonda an’anaviy tarzda may oyi so‘nggi yakshanbasida nishonlanadigan Turkman gilamlari festivaliga bag‘ishlangan yirik tantana bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtda keng ko‘lamli ko‘rgazma va Butunjahon turkman gilamchilari uyushmasining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda TDH davlat axborot agentligi.
Bayram tadbirining asosiy joyi Ashxoboddagi Turkman gilami milliy muzeyi bo‘ldi. Keng ko‘rgazmada klassik rasm va zamonaviy dekorativ-amaliy san’at asarlari namoyish etildi.
Ochilish marosimida parlament rahbariyati, vazirlik va idoralar rahbarlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiya va xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada “Turkmenxali” davlat uyushmasi korxonalari va xususiy ustaxonalarning ishlari namoyish etildi. Ziyoratchilarga klassik qo‘l gilamlari bilan bir qatorda qadimiy turkman gilamlarining reproduksiyalaridan ishlangan yangi badiiy rasmlar, shuningdek, tarixiy uy-ro‘zg‘or buyumlari: chuval, xorjun, kilim, namozxon, ot jabduqlari taqdim etildi.
Bayramning asosiy qismi hunarmandlarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarining farmoni bilan ko‘p yillik fidokorona mehnati va soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun 15 nafar gilamdo‘zga “Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan gilamdo‘z” faxriy unvoni berildi.

Kunning ikkinchi yarmida Turkmanxali anjumanlar zalida Butunjahon Turkman gilamchilar uyushmasining 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda turkmanistonlik mutaxassis, olim, madaniyat arboblari hamda xalqaro delegatlar ishtirok etdi. Forum ikki bo‘lim – “Samoviy go‘zallik” va “Tirik afsona” bilan davom etdi. Ishtirokchilar mamlakat hududida ko‘p asrlik gilamdo‘zlik an’analarini asrab-avaylash, hunarmandlarning mehnat sharoitini yaxshilash, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalasini muhokama qildilar. Shu kunlarda Turkmanistonning barcha hududlarida ijodiy uchrashuv, ko‘rik-tanlov, san’at ustalari konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA