Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Qirg‘izistonda viloyatlar o‘rniga 20 ta tuman tashkil etiladi
Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov O‘sh viloyatining Nokat tumani aholisi bilan uchrashuvda ma’muriy-hududiy islohotlarning ikkinchi bosqichini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kazinform” axborot agentligi.
Qirg‘iziston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar mamlakatda viloyatlar o‘rniga 20 ta tuman tashkil etishni rejalashtirmoqda.
- Hozirda respublikada 44 ta tuman va 33 ta shahar bor, - deydi qirg‘iz yetakchisi. - Barcha viloyatlar va tumanlar tugatilib, ularning o‘rniga 20 ta tuman tashkil etiladi, ammo buning uchun 3-4 yil kerak bo‘ladi. Dastlab bitta tuman tajriba tariqasida tashkil etiladi, keyingi ikki-uch yil ichida uni qanday boshqarish mumkinligini kuzatamiz.
Prezidentning fikricha, bu boshqaruv samaradorlikni ko‘paytirish, xarajatlarni kamaytirish va hududlarning moliyaviy mustaqilligini oshiradi.
Olmaota tog‘larida 3300 metr balandlikda sayyoh qutqarib olindi
Olmaota tog‘larining Bostandik tumanida 3000 metrdan ortiq balandlikda qutqaruv operatsiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Ta’kidlanishicha, dengiz sathidan 3300 metr balandlikda sayyohlik guruhi a’zolaridan biri kasal bo‘lib qolgan.
Sayohatchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, erkakning avvallari yuragi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Tog‘dan pastga tushish vaqtida uning yurak urishi keskin kuchayganligi sababli, shoshilinch yordam kerak bo‘lgan. Murojaatlarni inobatga olgan holda, Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv guruhi chaqiruvga zudlik bilan javob qaytargan.
Turkmanistonda qurilish uchun normativ hujjatlar tizimi modernizatsiya qilinmoqda
Turkmanistonda qurilish uchun milliy xarajatlar va normativ-huquqiy bazani modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda hukumat yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari B.Annamamedov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TDH” nashri.

Xabarda qayd etilishcha, ayni paytda Turkmaniston prezidentining maxsus farmoni asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qurilish sohasida ishlashga ilmiy yondashish imkonini beradi va ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishni keng joriy etishga zamin yaratadi.
Prezident Serdar Berdimuhamedov qurilish-montaj, modernizatsiya va kapital ta’mirlash ishlarini bugungi kun talablari asosida davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari qurilishga yangi milliy tannarx va normativ-huquqiy bazani joriy etish taklifini ma’qullab, mamlakat bosh vaziri o‘rinbosariga bu borada zarur chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi.
Tojikiston BMTning Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasiga a’zo etib saylandi
Tojikiston Respublikasi 2027-2031-yillar uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlar maqomi Komissiyasi (CSW) a’zosi etib saylandi. Bu haqda “Xovar” axborot agentligi yozib chiqdi.

Ta’kidlanishicha, bu yutuq Tojikistonning gender tengligi, ayol-qizlarning huquqlarini ta’minlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha global sa’y-harakatlarga qat’iy sodiqligini aks ettiradi.
- Tojikiston barcha a’zo davlatlar va xalqaro hamkorlar bilan Komissiyaning asosiy vakolatlarini mustahkamlash va inklyuziv va teng huquqli jamiyat qurish bo‘yicha mamlakat tajribasini o‘rtoqlashishda hamkorlik qilishga tayyor, — deya ma’lum qildi Tojikistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA