Markaziy harbiy okrug press-tur uyushtirdi
Ommaviy axborot vositalari xodimlarini Markaziy harbiy okrugda Mudofaa vazirligi hamda Samarqand viloyati harbiy-ma’muriy sektori tashabbusi bilan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Okrug qo‘mondonligi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar “Kitob-24”, “Tir-24” majmualaridagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘ziga xos yondashuv asosida tashkil etilgan Tarix o‘quv binosida bo‘lishdi. Asosan harbiy xizmatchilar tomonidan yaratilgan betakror eksponatlar OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– O‘z tarixini, o‘tmishini, ajdodlarining jasoratini bilgan yosh avlodning qalbi faxr-iftixorga, g‘ururga to‘ladi va albatta, vatanparvarlik ruhi jo‘sh uradi, – deydi “Ulug‘bek vorislari” gazetasi muharriri, shoira Jumagul Suvonova. – Harbiy qismdagi tarix o‘quv binosida yaratilgan sharoitlarni ko‘rib hayratlandim. Ajdodlarimizning jasorati, ularning jang san’atlari mahorat bilan shunchalik ta’sirchan yaratilganki, buni ko‘rgan har qanday kishi qalbida faxr-iftixor paydo bo‘ladi. Bugun oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri xalq va armiya birdamligini ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda o‘quvchi yoshlarni ham ushbu binolar bilan, buyuk sarkardalarimizning jasoratlari bilan tanishtirib borsak albatta ular haqiqiy vatanparvar bo‘lib voyaga yetadi.
[gallery-5316]
Press-tur ishtirokchilari okrug media markazi, axloqiy-ruhiy tayyorgarlik o‘quv xonalari, sport zal faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.
Press-tur yakunida xalqaro armiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Harbiylar musobaqa davomidagi ishtiroklari, erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berishdi.
Ta’kidlash joizki, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari tarkibidagi harbiy xizmatchilardan iborat jamoalar joriy o‘tkazilgan xalqaro armiya o‘yinlarining bir nechta yo‘nalishlarida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi. Ayni paytda ular kelgusi yil o‘tkaziladigan musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rishmoqda.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA