Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.
2024 yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflari erkinlashtirilishining xizmatlar narxlariga ta’siri hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ortidan sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.
Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.
2024 yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Regulyator, shuningdek, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etganini, investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining 2023 yilga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sib borishi esa iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlayapti.
Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari kuchli iste’mol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi. Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024 yilda YAIMning real o‘sishi 6,0 − 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirishda davom etmoqda. Kredit qo‘yilmalari o‘sishining mo‘’tadillashuvi va omonatlardagi yuqori o‘sish sur’atlari yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini pasaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalari saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkinligi aytilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA