Markaz qurilishi boshlandi
Samarqandda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o‘qitish markazi qurilishi boshlandi.
Samarqandda Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o‘qitish markazi qurilishi boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduhakimov, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim In va boshqalar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro mustahkam ishonch va do‘stlikka asoslangan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Aholini ish bilan ta’minlash va bandlik darajasini oshirish, turli soha va yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, ularning o‘zaro tajriba almashishi uchun keng imkoniyat yaratish borasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan hamkorligimiz tufayli bugungi kunda Toshkent shahrida fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) vitse-prezidenti Kim In. – Endi Samarqandda ham shunday markaz qurilishi boshlandi. Bu yerda mashinasozlik, payvandlash, komputer texnologiyalari va elektrotexnika sohalari bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Shaharning Spitamen ko‘chasida barpo etiladigan markaz uchun 6,4 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish ishlari Janubiy Koreyaning “Li jin the C” kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “Em-der – sal-inshaat” qurilish korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.