Ma’rifatli, ma’naviyatli jamiyat o‘z maqsadiga albatta erishadi
Shu kunlarda mahallalar, mehnat jamaolari va hattoki to‘ylarimizda ham umumxalq e’tiboriga havola etilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Odamlar loyihani emin-erkin tahlil qilib, fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirayotir. Chunki, yanada farovon, obod kelajagimizni belgilab beradigan mazkur hujjatda milliy qadriyatlarimiz ulug‘lanib, keyingi yillardagi taraqqiyotimiz va jamiyatimizdagi yangilanishlarga mos o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilayotgani yurtdoshlarimizda katta qiziqish o‘yg‘otmoqda.
Xo‘sh, mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar jarayonida ushbu qonun loyihasida ta’lim tizimida qanday o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilishi ilgari surilmoqda?
Bilamizki, amaldagi Bosh qomusimizda har kim bilim olish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilgan edi. O‘zgarishi kutilayotgan Konstitutsimizda bu masalaga chuqur yondoshilib, davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi, har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tish huquqi hamda bepul umumiy o‘rta ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi belgilanmoqda. Maktab ishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat nazoratida ekani kabi qator yangi normalar kiritilmoqda. Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash – jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasidir, pedagog xodimlarning huquqlari, sha’ni va obro‘-e’tibori davlat himoyasidadir, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, degan yangi normalar bilan boyitilayotir.
Bu qo‘shimchalar keyingi besh yilda mamlakatimiz ta’lim tizimida bo‘y ko‘rsatgan o‘zgarishlarni, Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Vatanimizda o‘tmishdan ustoz sofdil, kamtarin, ma’naviy boy, axloqan pok inson, butun kuchini, aql-idroki, bilim va zehnini, qalb qo‘riyu mehrini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkash kasb egasi sifatida ulug‘langan. Buyuk mutafakkir Abdulla Avloniyning “Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir” degan gapida ham chuqur ma’no bor. Demak, o‘qituvchilar zimmasiga kelajagi buyuk davlat uchun komil, har tomonlama yetuk, barkamol, ma’nan va axloqan pok, vatanparvar va insonparvar avlodni tarbiyalashdek o‘ta muhim, g‘oyat sharafli vazifa qo‘yilgan. Ayniqsa, yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrlash davri bo‘lgan bizning asrimizda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Shu bois sayyoramizda mamlakatning taraqqiyot darajasi pedagoglarning jamiyatda tutgan o‘rniga qarab belgilanmoqda. Masalan, Yaponiyada o‘qituvchilarga imperator hurmatini, deputat daxlsizligini, vazir maoshini berish evaziga mamlakat ta’lim tizimi dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga ko‘tarildi.
Keyingi yillarda bizning mamlakatimizda ham o‘qituvchi-pedagoglarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, qator imtiyozlar berilgani ularning ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga mas’uliyat tuyg‘usini yuksaltirdi. Pedagoglarning mavqeini mustahkamladi. Misol uchun, ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lash tartibi joriy qilindi. Yoki ta’lim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb etilgan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar beriladigan bo‘ldi. Kimyo, biologiya matematika fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga o‘quv yili davomida oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilandi. 2022 yil 1 sentyabrdan ixtisoslashtirilgan maktablarning fizika fani bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimida maksimal ballning 70 va undan yuqori foizini to‘plagan fizika fani o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama haqi 50 foiz miqdorida to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Ta’lim muassasalarining chet tillar, xorijiy filologiya, chet tili va tarjima yo‘nalishlarining kasbiy va maxsus fanlari professor-o‘qituvchilari va o‘qituvchilariga qishloq joylarda joylashgan ta’lim muassasalarida – lavozim maoshlariga bazaviy lavozim maoshining (tarif stavkasining) 30 foizi miqdorida, qolgan ta’lim muassasalarida – bazaviy lavozim maoshining (tarif stavkasining) 15 foizi miqdorida oylik ustamalar belgilandi.
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki xorijiy mamlakatlarda ularga tenglashtirilgan darajalar) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (Doctor of Science) (yoki xorijiy mamlakatlarda unga tenglashtirilgan daraja) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun — lavozim maoshining 60 foizigacha qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etildi. Boshqa bir misol: Bundan besh-olti yil muqaddam Surxondaryo viloyatida atigi bitta universitet faoliyat yuritayotgan edi. Keyingi yillarda yana beshta oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, yoshlarning ilm-fan sirlarini mukammal egallashi uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Shu o‘rinda biz so‘nggi yillarda o‘qituvchi-pedagoglarga yaratib berilgan shart-sharoitlar, imtiyozlar va ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarning ayrimlariga to‘xtaldik, xolos. Vaholanki, qonun loyihasida shunga mos ravishda ta’lim va ilm-fan sohasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar konstitutitsiyaviy mustahkamlanib, o‘qituvchi-pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi oshirilmoqda. Bu haqda yana lo‘nda fikr yuritadigan bo‘lsak, maktabgacha ta’lim masalasi jamiyat va davlat hayoti uchun muhimligidan kelib chiqib, mazkur ta’lim ham davlat nazoratida bo‘lishi kerakligi talabi o‘rnatilmoqda.
Ikkinchidan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga asosan, umumiy o‘rta ta’lim o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi. Ushbu qoidaning Konstitutsiya darajasida belgilanishi har bir fuqaroning bepul o‘rta ta’lim olish huquqini kafolatlaydi.
Uchinchidan, mamlakatda ilm-fan rivojlanishi uchun davlat ko‘maklashish majburiyatining belgilanishi ilmiy-innovatsion salohiyatni yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘ladi.
Mavridi kelganda ta’kidlash lozimki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida davlat oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berish, shu jumladan ular tomonidan mehnatga haq to‘lash, xodimlar soni, to‘lov-kontrakt miqdori va ta’lim shaklini mustaqil belgilash amaliyotini yo‘lga qo‘yish – vazifasi belgilangan edi. Mazkur normaning mustahkamlanishi ushbu vazifaning konstitutsiyaviy darajada kafolatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tinch, to‘kin Vatanimizda Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat konsepsiyasi shakllanib, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsad qilib olindi. Bunday ulug‘vor, ezgu maqsadlar ruyobi ta’lim-tarbiya va malkali pedagoglar faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Har qanday jamiyat uyg‘onishi, taraqqiyoti ta’lim-tarbiya tizimi bilan bog‘liq omillarga suyanadi. Ko‘p millatli xalqimiz qurmoqchi bo‘lgan ma’rifatli jamiyat asosini ham ilm-fan, ta’lim-tarbiya, san’at, adabiyot, yangi texnologiya, innovatsiyalar tashkil etadi. Shuning uchun ham mazkur normalar ayni vaqtida taklif sifatida ilgari surilgan, deyishga yetarli asos bor. Bu takliflarni qo‘llab-quvvatlayotgan oliy ta’lim muassasamiz jamoasi ham pedagoglarning ko‘p yillik orzu-istaklari amalga oshayotganidan behad mamnun bo‘moqda. Soha xodimlari huquqlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibordan faxr-iftixor hissini tuyib, xalqimizni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida yanada faol ishtirok etishga undamoqda. Zero, ma’rifatli, ma’naviyatli jamiyat o‘z maqsadlariga albatta erishadi.
O‘rol AHMEDOV,
Termiz muhandislik-
texnologiya instituti rektori
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri