“Ma’rifat karvoni” viloyatlar bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi
Endi ma’rifiy harakat tumanlarda davom etadi
“Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida tashkil etilgan “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy seminarlarining viloyatlar bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Endi mazkur ma’rifiy harakat respublika tumanlarida davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni keng jamoatchilikka yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Ma’rifat karvoni” qisqa vaqt ichida respublika miqyosidagi keng ma’rifiy harakatga aylandi.

Loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti va boshqa tashkilotlar hamkorligida joriy yilning 4-sentabr kuni Toshkent shahrida start oldi.
“Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy seminarlari 7-9-sentabr kunlari Andijon, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Buxoro, Namangan, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 14-16-sentabr kunlari esa Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida o‘tkazildi. Shu tariqa, ma’rifiy karvon Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarni qamrab oldi.

Seminarlar hududlarda ikki yo‘nalishda tashkil etilib, ularda olimlar va ziyolilardan iborat targ‘ibotchilar, viloyat hokimliklari apparati xodimlari, bo‘lim mas’ullari, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Viloyatlar bosqichi doirasida jami 3374 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Ularning 529 nafari hududiy targ‘ibotchilardan iborat bo‘ldi. Shuningdek, tadbirlarda 40 nafar respublika targ‘ibotchisi faol ishtirok etdi.
Respublika targ‘ibotchilari hududlarda ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlarni tashkil etish, Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni keng jamoatchilikka yetkazish, ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish va fikr almashish jarayonlarida muhim o‘rin tutdi.

Muloqotlar davomida ishtirokchilarning fikr va takliflariga alohida e’tibor qaratildi. Ular savollar bilan faol qatnashib, dolzarb masalalar yuzasidan o‘z qarashlarini bildirdi. Bu esa “Ma’rifat karvoni”ni shunchaki axborot yetkazish vositasi emas, balki ochiq muloqot, fikr almashish va amaliy tashabbuslarni muhokama qilish maydoni sifatida namoyon etdi.
Viloyatlar bosqichida qamrab olingan 3374 nafar ishtirokchining har biri o‘z sohasi, jamoasi va hududiga oid tajriba, qarash va takliflari bilan ma’rifiy muloqotlarni mazmunan boyitdi. Har bir uchrashuv savollarga javob izlash, fikr almashish va yangi tashabbuslarni muhokama qilish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
Ayniqsa, 529 nafar hududiy targ‘ibotchining loyihaga jalb etilgani viloyatlarda boshlangan ma’rifiy ishlarni joylarda izchil davom ettirish uchun muhim zamin yaratdi.
Endilikda “Ma’rifat karvoni” tumanlarda o‘z ishini davom ettiradi. Yangi bosqichda ma’rifiy harakat aholiga yanada yaqinlashadi. Tumanlardagi korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari, mahallalar, yoshlar jamoalari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Shuningdek, viloyatlarda boshlangan ochiq muloqotlar tumanlarda ham davom ettirilib, davlatimiz rahbari nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ularni joylardagi hayot va amaliy vazifalar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu tariqa, “Ma’rifat karvoni”ning viloyatlar bosqichida boshlangan ma’rifiy muloqotlar yangi bosqichda tumanlarda davom etib, aholi, ayniqsa, yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA