Marg‘ilonda ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatidagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, hokimlik boshqarmalarining axborot xizmatlari rahbarlari hamda blogerlar Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan kichik sanoat zonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Dastavval mavzu yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Marg‘ilon shahar hokimi Sh. Nisbatxonov jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Ta’kidlanganidek, Marg‘ilon shahrida umumiy maydoni 24,5 gektar yerda beshta - “Nadirmat”, “Navro‘z”, “Yoshlar”, “Yoshlar-2” va “Aylanma yo‘l” kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ushbu kichik sanoat zonalarida qiymati 249,6 mlrd. so‘mlik 91 ta loyiha joylashtirilib, buning natijasida 3 ming 42 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Hozirda qiymati 95,3 mlrd. so‘mlik 48 ta loyiha foydalanishga topshirilgan va 1 ming 200 nafardan ortiq kishining bandligi ta’minlangan.
Matbuot anjumanidan so‘ng OAV vakillari Marg‘ilon shahar “Toshloqtepa” MFY hududida bo‘lib, xususiy tadbirkor Shohida Xolmatova ish faoliyati bilan tanishdilar.

Tadbirkor ayol bir gektar yer maydonida 6 ta kiyim ishlab chiqarish sexidan tashqari nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda xususiy umumta’lim maktabini ham tashkil etgan. Bugungi kunda bu yerdagi MTTda 200 nafar bolajon, maktabda mavjud 2 ta sinfda 35 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Tikuv sexlarida esa 80 nafar xotin-qiz doimiy daromad manbaiga ega.
Press-tur ishtirokchilari kichik sanoat zonalari va ushbu tadbirkorlik sub’ekti misolida Marg‘ilonda ishlab chiqarish sur’ati jadal rivojlanayotganiga yana bir karra guvoh bo‘ldilar.
[gallery-16018]
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA