Mard o‘g‘lonlar jasorati hech qachon unutilmaydi
Farg‘ona viloyatida 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oilalaridan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
2000 yil avgust oyida bir guruh terrorchilar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari tog‘li qishloqlariga bostirib kirib, tinchlik va osoyishtaligimizga raxna solmoqchi bo‘lgan edi. O‘shanda terrorchilarga qaqshatqich zarba bergan, Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlarimiz orasida marg‘ilonlik Bobur G‘aniyev ham bor edi.
Jangda u terrorchilarga qaqshatqich zarba bergani, o‘zi yarador bo‘lishiga qaramasdan safdoshini qutqarib qolishga intilgani tahsinga sazovor. Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, Boburjon G‘aniyev II-darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan mukofotlangan (vafotidan keyin). Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Marg‘ilon shahridagi o‘zi tahsil olgan 13-umumta’lim maktabida byusti o‘rnatilib, u yashagan ko‘chaga nomi qo‘yilgan, xonadoniga uy-muzeyi tashkil etilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sektor rahbarlari harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari marhum Bobur G‘aniyev xonadonida bo‘ldi. Uni porloq xotirasi yodga olindi. Munavvarxon ayaga mard va jasur farzand tarbiyalagani uchun minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Vatanimiz sarhadlarini mardonavor qo‘riqlab, jonini fido qilgan farzandim bilan faxrlanaman. Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor uchun minnatdormiz, – deydi Munavvarxon aya.
Ana shunday tadbir yurtimiz himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan Farg‘ona shahrilik Dilshod Asanov xonadonida ham bo‘lib o‘tdi.
“Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inida tug‘ilib o‘sgan Dilshodbek Asanov bor mehr-muhabbatini, hayotini, taqdir yo‘llarini o‘ta mas’uliyatli va sharafli ish bo‘lgan vatan himoyasi bilan bog‘ladi, hamisha el-yurt ishonchini oqlashga intildi. Sariosiyo va Uzun tumanlarida terrorchilarga qarshi janglarda ishtirok etib, qahramonlik ko‘rsatdi. To‘qnashuvlardan birida mardlarcha halok bo‘ldi.
Xalqimizning bunday o‘tyurak farzandlari xotirasi manguga muhrlangan. U tug‘ilib o‘sgan ko‘chaga nomi berilgan. O‘qigan 25-umumta’lim maktabida byusti o‘rnatilgan.
[gallery-2298]
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA