Mard o‘g‘lonlar harbiy xizmatga yo‘l oldi
Termiz shahridagi Xotira maydonida muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari, nuroniylar ishtirok etgan tadbirda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev va boshqalar Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tinch, osuda hayotimizni taminlashda muhim omil bo‘layotganini takidladi. Bu jarayonda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartib-taomillari va muddatlari takomillashtirilgani jismonan sog‘lom, manan barkamol yigitlarni saralab olishda yuksak samaralar berayotgani qayd etildi.

–Bugun o‘g‘lim Shohqambarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimida ishtirok etayotganimdan quvonchim cheksiz, – deydi qiziriq tumanilik Nargiza Namazova. – 8 mart –Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida uning Vatan himoyasiga otlangani men uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Axir, ona uchun farzandi orzusi ruyobga chiqishini ko‘rishdan ortiq baxt bormi?
Tadbirda askarlarning kundalik hayoti uchun zarur gigiyena vositalari va "Armiya hayot" maktabi kitobchasi tuhfa qilindi.
–Yigit kishi uchun Vatan himoyasida bo‘lishdan ortiq sharaf bo‘lmasa kerak, – deydi Denov tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiriluvchisi Azizbek Jumayev. – Saralashning barcha bosqichlaridan alo darajada o‘tib, muddatli harbiy xizmatga yo‘llanma olganimda juda suyundim. Endi safdoshlarim bilan oldimizga qo‘yilgan vazifalarni yuqori darajada bajarib, muqaddas Vatanimiz himoyasida bo‘laman.
Tantanali marosim yakunida yigitlik burchini sharaf bilan o‘tash uchun otlangan askarlarga bayramona dasturxon yozildi. Nuroniy otaxon va onajonlar oq yo‘l tiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA