Maradona tarix yaratgan to‘p 3 million dollardan oshiqqa sotildi
Gap Maradona “Xudoning qo‘li” nomi bilan tarixga kirgan golni urgan Adidas Azteca to‘pi haqida ketmoqda.
Argentina futboli afsonasi Diego Maradona nomi bilan bog‘liq eng mashhur tarixiy buyumlardan biri auksionda yangi egasini topdi. 1986-yilgi Jahon chempionatida Angliyaga qarshi o‘yinda ishlatilgan mashhur to‘p 3,35 million dollarga sotildi.
Gap Maradona “Xudoning qo‘li” nomi bilan tarixga kirgan golni urgan Adidas Azteca to‘pi haqida ketmoqda. Aynan shu to‘p bilan argentinalik futbolchi oradan to‘rt daqiqa o‘tib, keyinchalik “Asr goli” deb e’tirof etilgan ikkinchi golini ham kiritgan. Argentina o‘sha chorak finalda Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, keyinchalik jahon chempioniga aylangan.
Tarixiy to‘p Heritage Auctions savdosiga 2,5 million dollardan qo‘yilgandi. Tashkilotchilar uning narxi 10 million dollargacha ko‘tarilishini kutgan, ammo yakuniy qiymat prognozdan ancha past bo‘ldi.
Qizig‘i, ushbu to‘p 2022-yilda ham sotilgan va o‘shanda uning narxi 2,37 million dollarni tashkil qilgan. 2023-yildagi navbatdagi auksionda esa taklif sotuvchi belgilagan minimal qiymatga yetmagani sababli savdo amalga oshmagan.
Maradonaning aynan Angliyaga qarshi tarixiy uchrashuvda kiygan futbolkasi esa ancha qimmatga baholangan. U 2022-yilda qariyb 9,3 million dollarga sotilgan edi.