Maqsad, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish
Aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtotransport vositalariga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga cheklovlar joriy etildi. Shuning oqibatida yo‘l haqi oshishining oldini olish uchun Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat hududida muntazam targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xuddi shunday targ‘ibot tadbiri Jizzax shahridagi avtoturargohlar va avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalarida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar o‘rtasida amalga oshirildi.
Respublikamiz hududiga kirib kelgan sovuq ob-havo bir qator noqulayliklarni tug‘dirmoqda. Yo‘llar sirpanchiq, transport vositalarining harakati biroz kamaygan. Bu albatta, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi taksi va avtobuslarga bo‘lgan talabni oshiradi. Shu sababdan ham shahar ichida va shaharlararo qatnovchi avtoturargohlarda haydovchilarga yo‘l haqqini sun’iy oshirmaslik, yo‘llar muzlamaligi sababli tezlikni oshirmaslik, oraliq masofani saqlagan holda harakatlanish tavsiya etildi.
– Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, aholi orasida noroziliklar kelib chiqishining oldini olishdir, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX YHX boshqarmasi Axborot xizmati guruhi mutaxassisi Sabohat Davlatova. – Shuningdek, haydovchilarga transport vositasining texnik holati soz ekanligi, yo‘lovchilarga xushmuomilada bo‘lishlik, yo‘llarda harakatlanish madaniyatiga amal qilishlik tushuntirilib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlikka targ‘ib etuvchi bukletlar ham tarqatildi.
[gallery-10321]
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida cheklovlar o‘rnatilgan edi. Bu albatta, aksariyat siqilgan gazga moslashtirilgan avtobuslarning ham harakatini chekladi. Jamoat transporti harakatida ham uzilishlarga sabab bo‘ldi. Joriy yilning 16 yanvar kunidan Jizzax shahrida jamoat transporti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalari qisman yoqilg‘i bilan ta’minlandi va yo‘nalishlarda harakatlanuvchi avtobuslarning 35 foizi yo‘lovchilar xizmatiga jalb etildi. Avtobuslarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari biriktirilib, harakat xavfsizligi ta’minlanmoqda.
Mutasaddi tashkilot va vakolatli organlar bilan ko‘rilgan choralar natijasida Jizzax shahridagi yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar “Jizzax – Metangaz” MCHJ hamda “Jizzax – Avtogaz” MCHJ tomonidan gaz yoqilg‘isi bilan ta’minlanmoqda. Jizzax shahridagi barcha yo‘nalishlardagi avtobuslar harakatini tiklash bo‘yicha mas’ullar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
– Jizzax shahri ko‘chalari bo‘ylab, yo‘l-transport hodisalariga uchragan avtomashinalar maxsus transport vositalariga yuklanib, “Ogohlik avtokarvoni”ni tashkil etdik, – deydi Jizzax viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi rahbari, mayor Erkin Ochilov. – Yo‘l-transport hodisasi oqibatida ayanchli holatga kelib qolgan, ushbu ogohlikka targ‘ib qiluvchi avtokarvondagi avtomashinalar insonlarni bir zua bo‘lsa-da hushyorlikka undashi shubhasiz.
Targ‘ibot avtokarvoni davomida viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan ayanchli yo‘l transport hodisalarining sabablari va ularning oldini olish borasida haydovchi, yo‘lovchi va piyodalar o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.
Targ‘ibot tadbirlari barcha shahar va tumanlarda tashkil etilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA