Maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash
Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyat boshqarmasida "Joriy yilning 3 oyi davrida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sur’at Jabbarov tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlar va boshqa vakolatli organlarning mulkiy va nomulkiy undiruvlar bilan bog‘liq qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash, shu jumladan vakolatli organlar tomonidan davlat foydasiga undirilishi belgilangan mablag‘larni majburiy undirib borishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
bugungi kunda Byuroning viloyat boshqarmasi organlari tizimida jami 214 xodim (shundan 156 ta davlat ijrochilari) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 3 oy davomida jami 105 ming 185 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan bo‘lib, ular bo‘yicha ijroga qaratilgan majburiy mulkiy undiruvlarning umumiy summasi 1 trillion 460 milliard so‘mni tashkil etgan.
Majburiy ijro harakatlari natijasida jami 618,4 milliard so‘mlik 33 ming 975 ta ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, amalda undirilgan to‘lov va qarzdorliklar miqdori 292,7 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan 3 oy davomida davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq jami 15 ming 483 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro harakatlari olib borilib, amalda 91,7 milliard so‘mi undirilishi ta’minlandi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-qo‘vvatlash uchun hisob raqamlariga 2022 yilning yanvar-mart oylarida 5 milliard 187 million so‘m yo‘naltirildi.
Qo‘yilgan talablardan kelib chiqqan holda ko‘rsatilgan davrda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning soliq qarzdorligini majburiy tartibda undirish bilan bog‘liq 2 ming 739 ta ijro hujjati yuzasidan 73 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘larning amalda undirilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar foydasiga hokimliklardan 4,2 milliard kompensatsiya pullari to‘liq undirilgan.
Viloyatda ma’muriy jarimalar bilan bog‘liq ijro hujjatlari soni jami ijro hujjatlarining 25,2 foizini tashkil qilmoqda.
O‘tgan 3 oyda bu toifadagi 10 milliard so‘mlik 20 ming 595 ta ijro hujjati yuzasidan tegishli tadbirlar amalga oshirilib, 3,9 milliard so‘mlik 8 ming 263 tasini (ya’ni 40 foizini) amalda ijrosi ta’minlandi.
Joriy yilning 1 iyuldan Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilib, unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Belgilangan, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinishi belgilandi.
Uch oyda aliment undiruvi bilan bog‘liq 10 ming 446 ta ijro hujjatidan 971 tasi tamomlangan.
Farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bosh tortib kelayotgan 148 nafar qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka oid ish, 18 nafar qarzdorga nisbatan esa jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, ushbu davrda Byuroning viloyat boshqarmasi tizimiga kelib tushgan jami 2 ming 360 ta murojaatning salmoqli qismini, ya’ni 1 ming 242 ta yoki 53 foizini aliment undiruvlari bilan bog‘liq murojaatlar tashkil qilgan.
O‘tgan 3 oyda kelib tushgan aliment undiruvlari bilan bog‘liq 1 ming 242 ta murojaatning 800 tasi qanoatlantirilib, aliment oluvchilarga qarzdorlardan jami 703 million so‘m mablag‘lar undirib berilgan.
Boshqarma va hududiy bo‘limlar tomonidan hozirda “Aliment undiruvi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Anjumanda jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA