“Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangiz!”
“Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” degan bosh g‘oya asosida Mustaqillikning 32 yilligi keng nishonlanmoqda. Mustqillik barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub o‘zgarishlar bo‘lishiga keng yo‘l ochgan.
Yosh avlod mustaqillik tufayli o‘zligini anglab, milliy qadriyatlar asosida ta’lim va tarbiya olmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda tizimda tub yangilanishlar amalga oshirildi.
Joriy yilda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida zamonaviy talablar asosida ta’limni tubdan isloh qilish bo‘yicha shunchalik ko‘p o‘zgarishlar qilindiki, ular Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad hayotiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu - yagona to‘g‘ri yo‘lidir”, deya ta’kidlagan edi.
Islohotlar jarayonida ham ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratildi. O‘qituvchilarning maqomi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi.
Joriy yilda qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyada har kim ta’lim olish huquqiga egaligi, maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida ekanining belgilab qo‘yildi. Ayniqsa, 52 - moddada davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi haqida normalar biz o‘qituvchilarni behad quvontirdi.
Tan olaylik, avvalgi Konstitutsiyada asosan davlat organlari maqomi belgilangan, o‘qituvchining maqomini mustahkamlash haqida esa gapirishning o‘zi ortiqchadek edi. Shu boismi, maktab ishlariga asossiz aralashuvlar, o‘qituvchilarni nafaqat majburiy mehnatga jalb qilish, hatto sha’ni, qadr-qimmati kamsitish holatlari ko‘paygan edi.
Endilikda esa ta’lim-tarbiya, oliy ta’limni rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi va bu maqsadlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida birinchi galda muhim va ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlaydurg‘on muallimlarning boshini silangiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangiz”, degan ta’kidi bugun Yangi O‘zbekistonda haqiqiy ma’noda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham bu boradagi ishlar davlat siyosatiga aylaganini yana bir bor isbotladi. Yig‘ilishda sohadagi kamchiliklar e’tirof etilib, maktablarni ham mazmun, ham sharoit jihatidan yaxshilash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari barcha o‘qituvchilar, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilib, quyidagilarni ta’kidladi: “Men sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni ko‘raman. Bugun sizlar ta’lim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan to‘ldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lib bizning safimizga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi. O‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi”.
Albatta, ushbu Murojaat yangi o‘quv yilini boshlash arafasida turgan biz o‘qituvchilarga kuch-g‘ayrat berdi, mas’uliyatimizni yanada oshirdi. Biz soha vakillari bu yo‘lda bor imkoniyat va bilimimiz, tajribamizni safarbar etamiz.
Nargiza Mahmudova,
Yashnobod tumanidagi 231 - maktab
direktori o‘rinbosari,
Xalq ta’limi a’lochisi.
O‘zA