Ma’naviyatga e’tibor – kelajakka e’tibor
XXI asrda turli hayot tarzlari va g‘oyalar raqobatga kirishdi.
Bunda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir davlat o‘zligini saqlagan holda, ma’naviy dunyosi, diniy va milliy qadriyatlarini boshqalarga anglatishni asos qilgan mafkuraga ega bo‘lishi lozim. Aks holda ma’naviyatsizlik, o‘zlikni yo‘qotish, bebaho qadriyatlardan voz kechish kishini taraqqiyotdan ajratib, uni tobe, mustaqil fikri yo‘q kimsaga aylantirib qo‘yishi tabiiy hol. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun esa ma’naviyat asosiy kuchga aylanadi.
Yangilanayotgan O‘zbekiston sharoitida jamiyatimiz ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitish, turli yot g‘oyalardan asrash hamda yoshlar ongida milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirish borasida keyingi yillarda ta’sirchan choralarning tatbiq qilinayotgani mazkur soha doim hukumatimiz e’tiborida ekanligidan dalolat.
Ayni chog‘da O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori jamiyat ma’naviy kamoloti uchun muhim turtki bo‘lib, sohada olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilindi.
Ushbu qarorning mohiyatiga e’tibor bersak, jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish, yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish, geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish ustuvor vazifa etib belgilangani soha mas’ullaridan yanada mas’uliyatli bo‘lishni talab etadi.
Qarorning asosiy maqsadi milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, ildizlari, noyob va betakror namunalari, uning bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan izchil, ta’sirli va zamonaviy usul-vositalardan foydalangan holda targ‘ibot ishlarini olib borish, muqaddas an’analarimizning hozirgi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarni o‘tkazish, yoshlar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi qaratilgan tizimli va zamonaviy tashviqot ishlarini olib borish; mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturining mazmun va mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini tizimli va izchil amalga oshirish kabi masalalarni qamrab olgan.
Ahamiyatli tomonlaridan biri, targ‘ibot va tashviqot usullaridan tashqari ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishning samarali va ta’sirchan targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish, xorijiy tajribani o‘rganish, shuningdek, bugungi mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, monitoringini olib borish, aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tarbiya texnologiyalari, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish oliy ta’lim muassasalarida sohaga mas’ul xodimlari oldiga hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar qo‘ymoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oila va mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarining tashkil etilishi xalqimizning ko‘nglidan joy olishi tabiiy.
Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimidagi bakalavr ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga “Ma’naviyatshunoslik”, magistratura bosqichida esa “Kasbiy ma’naviyat” fanlari kiritilishi hamda magistratura ta’lim bosqichida “PR-menejer” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar davr talabiga mos ravishda oqilona qo‘yilgan qadamdir.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur qaror ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining bu jarayonda faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etibgina qolmasdan barcha sohalar kabi oliy ta’lim tizimida faoliyat yurituvchi har bir kishiga Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va yuksak mas’uliyat yuklaydi.
Ruzimurot Choriyev,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini
mexanizatsiyalash muhandislari instituti
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor