Ma’naviyatga bag‘ishlangan muloqotlar
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining fikr va takliflarini o‘rganish, joylarda mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ma’naviyat targ‘ibotini hayot bilan uyg‘un tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabul va ochiq muloqotlar xalq bilan muloqotning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega tadbirlardan biri Buxoro viloyatida tashkil etildi va unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etdi.
Unda viloyat ziyolilari, olimlar, teatr ijodkorlari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari hamda soha mas’ullari ishtirokida, bugungi kunda yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish va ma’rifat targ‘ibotini kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Sayyor qabul doirasida ishtirokchilar jondorlik Barot Safarovning murojaatiga asosan uning xonadonida ham bo‘ldi. Mazkur xonadon milliy qadriyatlar va ma’rifat muhitini o‘zida mujassam etgan maskan sifatida mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Xonadonda milliy liboslar, qadimiy do‘ppilar va turli tarixiy buyumlar ehtiyotkorlik bilan saqlanayotgani, ularning har biri o‘ziga xos tarix va ma’naviy qimmatga ega ekani alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, otaxonni qiynayotgan ayrim masalalar yuzasidan mutaxassislar bilan maslahatlashilib, zarur huquqiy va amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Bu esa inson qadrini ulug‘lash, aholi murojaatlariga yechim topish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbir yakunida xalqimiz qalbida ma’naviyat va ongida ma’rifat azaldan yashab kelayotgani, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylab kelayotgan ana shunday fidoyi insonlar jamiyatning haqiqiy boyligi ekani alohida qayd etildi.
[gallery-29169]
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur sayyor qabul nafaqat muammolar yechimiga qaratilgan amaliy muloqot, balki ma’naviyat va ma’rifatni ulug‘lagan samimiy uchrashuv sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, milliy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirish va yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA