“Ma’naviyat sektori” – insoniy barkamollik poydevori
“Ma’naviyat sektori”ning eng muhim jihatlaridan biri aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlar bilan individual ishlashdir. Bu orqali Vatanga muhabbat, sadoqat, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tamoyillari mustahkamlanadi.
Bugun Buxoro viloyati Olot tumanida ham bu yo‘nalishda izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tumani bo‘limi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida sektor faoliyatini joriy etish yuzasidan ishchi guruhlar tuzildi.
[gallery-24189]
Jumladan, Chovdur mahallasidagi 17-umumta’lim maktabida “Ma’naviyat sektori” quyi bo‘g‘inlarining namunali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Maktabda “Ma’naviyat burchaklari” tashkil etildi va yoshlar uchun “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida shaxmat, shashka, voleybol, tasviriy san’at, musiqa hamda “Barkamol avlod” amaliy to‘garaklari faoliyati boshlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ma’naviyat inson kamolotida tutgan o‘rni, uning hayotimizdagi chashmasi kabi cheksiz manba ekanini alohida ta’kidladi. Ular buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy hikmatlariga tayanib, tarbiyada bilimning o‘rni, oiladagi tarbiyaning ahamiyati va pedagogik savodxonlik darajasini oshirish zarurligini qayd etdi.
Tadbirda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi vakillari maktab direktorlarining o‘rinbosarlari bilan uchrashib, yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, o‘quvchi tarbiyasida ma’naviyatning o‘rni hamda sektor islohotlarini tizimli tarzda maktablarga singdirish bo‘yicha muhim takliflar va reja-loyihalar muhokama qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.