Mamlakatimizda bazalt sanoati istiqbollari qanday?
O‘zbekistonda sanoatning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha Jizzax viloyatida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bazalt sanoati istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda press-turda shu haqda so‘z bordi
Anjumanda davlat idoralari, olimlar, tadbirkorlar hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchilarga bazalt asosida mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari hamda klaster imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Kompaniya yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola tayyorlab, uning asosida 42 turdagi innovatsion mahsulot ishlab chiqarmoqda.

E’tiborlisi shundaki, bu mahsulotlarning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mineral tola ishlab chiqarish uchun 345,9 million tonna xomashyo zaxirasiga ega 17 ta bazalt koni aniqlangan. Ularning 82 foizi o‘zlashtirishga berilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Jumladan, Jizzax (30,3 mln. tn), Qoraqalpog‘iston (2,2 mln tn), Navoiy (2,6 mln. tn), Namangan (310,6 mln. tn) va Samarqand (0,2 mln. tn) viloyatlaridagi konlar eng yirik manbalardan hisoblanadi.
Forum doirasida bazalt asosidagi qurilish materiallarining istiqbollari muhokama qilindi. Mahsulot sifatini oshirish, laboratoriya sinovlari va sertifikatlash, logistika masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, jahon standartlari, ilg‘or texnologiya va zamonaviy uskunalar taqdim etildi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ta’kidlashicha, konferensiyaning asosiy maqsadi bazalt sanoatini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdir.

- Mamlakatimizda aniqlangan 17 ta bazalt konining zaxirasi katta imkoniyat yaratadi. Jumladan, Namangan viloyatidagi yirik kon 310 million tonnaga yaqin zaxiraga ega bo‘lib, bu nafaqat qurilish, balki avtomobilsozlik, ximiya va energetika sohalari uchun ham muhim manba hisoblanadi.
Kelgusida fan va ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda eksport geografiyasini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Olimlar tomonidan bazalt mahsulotlarining fizik-mexanik xususiyatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha berilgan takliflar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu orqali fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati yana bir bor tasdiqlandi.

Anjumanda yirik buyurtmachilar, qurilish kompaniyalari, loyihalash institutlari hamda mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etdi. Ular uchun forum foydali ma’lumotlar, samarali bitimlar va qimmatli muloqotlarga boy kechdi, -dedi J.Shermetov.
Tadbir doirasida OAV va jamoatchilik uchun press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar va olimlar bazaltdan qurilish materiallari tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Xulosa qilib aytganda, Jizzaxda bo‘lib o‘tgan xalqaro forum nafaqat bazalt sanoatini rivojlantirish, balki O‘zbekistonning innovatsion qurilish materiallari sohasidagi ulkan salohiyatini ham namoyon etdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA