Mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon arafasida
Mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi. Bu yilgi saylov avvalgi saylov jarayonlaridan huquqiy-me’yoriy asoslari jihatdan tubdan farq qiladi. Saylov nihoyatda muhim siyosiy jarayon. Unda ishtirok etish har bir ongli fuqaroning burchi. Bu jarayonni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish, unda barcha aholi qatlamining faol ishtirokini ta’minlash dolzarb masala hisoblanadi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda saylov qonunchiligi umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yashirin ovoz berish prinsiplariga amal qilgan holda, xalqaro standartlar va demokratik talablarga mos ravishda takomillashtirib borildi. Saylov komissiyalarini shaffoflik, xolislik va mustaqillik tamoyillari asosida faoliyat olib borishlari uchun huquqiy asoslar, yetarli shart-sharoitlir yaratildi.
So‘nggi besh yil davomida yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida saylov tizimi ham isloh qilindi. Rivojlangan demokratik davlatlar tajribasi, zamonaviy saylov amaliyoti hamda umume’tirof etilgan xalqaro qoidalar asosida saylov qonunchiligi takomillashtirildi.
Saylovga tayyorgarlik jarayoni ana shu o‘zgarishlarga, yangiliklarga asoslanib o‘tkazilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga doir jami 18 ta nizom va yo‘riqnomalar qabul qilindi. Ushbu nizom va yo‘riqnomalarning 7 tasi 2021 yilda yangi qabul qilindi. 2021 yilda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarni inobatga olgan holda 2019 yilda qabul qilingan 11 ta nizom va yo‘riqnomalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Joriy saylovlar koronavirus pandemiyasi davrida o‘tkazilayotganini hisobga olib, saylov komissiyalari a’zolari, kuzatuvchilar, saylovchilar va karantin qoidalariga rioya qilish talablaridan kelib chiqib kasallik tarqalishini oldini olish bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Barcha saylov uchastkalarida, yashirin ovoz berish xonalarida, saylov jarayonining barcha ishtirokchilari tibbiy himoya vositalaridan foydalanishlari shartligi belgilandi. Bu ham saylovchilarning xavfsizligini o‘ylagan holda qilingan ijobiy ishlardan biridir.
Shuningdek, barcha siyosiy partiyalar va nomzodlar uchun birdek shart-sharoitlar yaratilgan. Nomzodlar saylovoldi targ‘iboti geografik ko‘lami, sifati va auditoriyasi jihatidan ham avvalgilardan farq qilmoqda. Nomzodlar, hududlarga borib saylovchilar bilan o‘zaro muloqotda ularni tashvishlantirayotgan muammolarni o‘rganmoqda. Eng muhimi, yangi O‘zbekistonda yangicha saylovlarning shukuhi, tarovati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Bu yilgi Prezident saylovi jarayonlarida universitet professor-o‘qituvchilari jamoasi ishtirokini yuqori saviyada ta’minlash borasida har bir kafedraga targ‘ibot flayerlari tarqatildi.
O‘zbekistonning ertangi kuniga befarq bo‘lmagan, yurt ravnaqini o‘z taqdiri bilan chambarchas bog‘lagan, istiqbolda yuksak va ezgu maqsadlarni ko‘zlab yashayotgan xalqimiz nomzodlar dasturlari bilan to‘liq tanishib, tanlagan nomzodiga ovoz berishi maqsadga muvofiqdir.
A’zam MAHMUDOV,
O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti
Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri