Mamlakat imijini «yolg‘on»ga qurib bo‘lmaydi
Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida «O‘zbekiston xalqaro media imijining kognitiv aspektlari: nazariya va amaliyot» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari bilan birga jahoning turli nuqtalaridan mutaxassislar onlayn tarzda bog‘lanib ishtirok etdilar. AQSH, Turkiya, Ozarbayjon, Bangladesh, Qozog‘iston olimlari imij haqida, uning mohiyati, yaratilishi va ahamiyati borasida fikr almashdilar.


Esimda, 2016 yil 7 dekabrda “BBC” o‘zbek xizmati tomonidan «Londonda O‘zbekistonni bilishadimi?” nomli jurnalist Ibrat Safoning reportaji berildi. Unda muxbir London ko‘chalarida O‘zbekiston haqida surishtirgani, aksariyat respondentlar mamlakatimiz haqida eshitmagani, uni Afg‘oniston yoki Pokiston deb bilishi, u yerda urush, terrorizm borligi va ayrimlari tog‘lar, rang-barang madaniyat va yaxshi odamlari bor degan umumiy fikr bildirganlarini kuzatdim. O‘shanda xafa bo‘lib ketgan edim. Keyinroq bu an’ana Avstraliyada, Koreya, Hindiston ko‘chalarida o‘tkazildi. Keyingi reportajlarda biz haqimizda ko‘proq kishilar bila boshlaganini ko‘rdim.
O‘zbekiston bugun tanilyapti, lekin bu yetarli emas, bizni tan olishlari, ishonishlari, qiziqishlari va tashrif buyurishlari uchun ko‘p ishlar qilinishi kerak. Imijni «yolg‘on»ga qurib bo‘lmaydi. Davlat boshqaruv organlarining ochiqligi, qonun ustuvorligi, odamlar farovonligi, shuningdek, turizm salohiyati, san’at va madaniyatimiz targ‘iboti – bularning bari mamlakatimiz imijiga bevosita daxldor.


«Imij - bu achchiq haqiqat! U - ko‘zguda ko‘rayotgan aksingizdir. U sizning soyangiz. Uning o‘zgarishi uchun siz o‘zgarishingiz kerak, - deydi «Amerika ovozi» jurnalisti Navbahor Imamova.
Konferensiya ishtirokchilari imij yaratishning turli jihatlari haqida fikr yuritar ekanlar, bari mamlakatimiz mavqei va obro‘si uchun aytildi. Ochiq va ro‘yi-rost gapirishga o‘rganyapmizmi, demak, ijobiy taassurot uyg‘otishga tayyormiz. Imij shundan boshlanadi.

Nozimjon Mardonov, O‘zA