Malayziya universiteti bilan hamkorlik
Davlatimiz rahbarining Malayziyaga rasmiy tashrifi Sharqiy Osiyoning iqtisodiy markazlaridan hisoblangan ushbu mamlakat bilan munosabatlarni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi.
Keyingi yillarda strategik ahamiyat kasb etib borayotgan hamkorlik aloqalari ko‘pgina sohalar qatorida ta’lim yo‘nalishida ham mustahkamlanib borayotganligi tahsinga sazovor. Tashrif chog‘ida bo‘lib o‘tgan Birinchi O‘zbekiston-Malayziya ta’lim forumi doirasida Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori vazifasini bajaruvchi, professor Oybek Ergashev boshchiligidagi delegatsiyaning Malaya universitetiga tashrifi g‘oyat samarali kechdi.

Tashrif chog‘ida ilmiy-tadqiqotlar, akademik almashinuv va innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirishga alohida urg‘u berildi. Uchrashuvlar davomida Malaya universiteti rahbariyati bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiluvchi bunday tashabbuslar, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratadi. Muzokaralar yakunida Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Malaya universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirib, ikki davlat olimlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kelishuv asosida innovatsion dasturlarni qo‘shma ishlab chiqish, talabalar uchun malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari hamda global miqyosda ilg‘or bilim va tajriba almashinuvi kelajakda ilm-fan sohasida yangi muvaffaqiyatlarga yo‘l ochishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA