Malakali mutaxassislar tayyorlash yoʻlidagi tashabbus
Mazkur OTMning oʻziga xos xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda alohida yoʻl xaritalari shakllantirildi, zaruriy chora-tadbirlar ijrosi yoʻlga qoʻyildi.
Malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, yirik ishlab chiqarish sohalarini salohiyatli kadrlar bilan taʼminlash maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati yurtimizning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlik aloqalari yana-da kuchaytirdi. Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti shular jumlasidandir.
Mazkur OTMning oʻziga xos xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda alohida yoʻl xaritalari shakllantirildi, zaruriy chora-tadbirlar ijrosi yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi tashabbusi va bevosita saʼy-harakati bilan jamiyatning malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoji yuzasidan takliflari inobatga olinib, joriy oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat texnika universitetida Gidroenergetika taʼlim yoʻnalishi tashkil etilib, mazkur yoʻnalishda jami 50 nafar talaba qabul qilish rejalashtirildi.
Toshkent arxitektura-qurilish instituti Gidrotexnika inshootlari qurilishi (turlari boʻyicha) taʼlim yoʻnalishining qabul kvotasi 100 nafarga yetkazildi. Shundan, kunduzgi boʻlimga 75 ta, sirtqi boʻlimga 25 ta oʻrin ajratildi. Jamiyatning ilmiy-pedagogik salohiyatga ega malakali mutaxassislari hamda oliy taʼlim professor-oʻqituvchilari ishtirokida ushbu yoʻnalishlarning bakalavriat va magistratura bosqichlari boʻyicha malaka talablari, oʻquv reja va fan dasturlari ishlab chiqildi.
Shuningdek, yangi qurilayotgan gidroelektrsansiyalarda jumladan, “Zarchob kichik GES”, “Pskom GES” talaba, oʻqituvchilardan tuziladigan qurilish otryadlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilmoqda. Hamkor universitetlarning tegishli fakultetlarida “Oʻzbekgidroenergo” AJ burchagini (sohaga oid 3D plakat, maket, infokiosk, doimiy videoroliklar taqdimoti) tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Sohaviy kafedralar hamda oʻquv-ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy oʻquv va ilmiy jihozlar, uskunalar va oʻlchov asboblari bilan taʼminlash, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi korxonalarda tegishli kafedralar filiallarini tashkil etish borasida ham muhim ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, hamkor OTM talabalari ishlab chiqarish amaliyotini jamiyatimiz huzuridagi korxona va tashkilotlarda oʻtashi hamda zaruriy mehnat tajribasiga ega boʻlishi uchun ham choralar koʻrilmoqda. Xususan, joriy yilning iyul-avgust oylarida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash institutining sohaga xos ixtisosliklar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan kafedralari talabalari “Samarqand GESlar kaskadi”, “Toshkent GESlar kaskadi”, “Ohangaron GES” va “Tuyaboʻgʻiz KGES” unitar korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazishi belgilangan. Boʻlgʻusi mutaxassislarni ish jarayoni bilan yaqindan tanishtirish, oʻz navbatida, ularda tanlagan kasblari boʻyicha aniq tasavvur uygʻotish, mavjud tushuncha, bilim, koʻnikma va malakalarini takomillashtirish imkonini kengaytiradi.
Bugungi kunda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati raisi tashabbusi bilan oliy taʼlim muassasalarining sohaga aloqador ixtisosliklar boʻyicha bitiruvchilarini jamiyat qoshidagi ishlab chiqarish korxonalariga jalb qilish borasida ham manzilli va tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Bunda tegishli oliy taʼlim muassasasini aʼlo baholarda yakunlagan, salohiyatli yoshlarni suhbat va test asosida saralab, jamiyat huzuridagi “Oʻquvenergoqurilish” nodavlat taʼlim muassasasida oʻquv, ishlab chiqarish korxonalarida esa amaliy mashgʻulotlarga jalb qilib, bilim va mehnat tajribalarini oshirish choralari koʻrilmoqda.
Shu oʻrinda ushbu amaliy tashabbuslar hamkor OTM tomonidan nihoyatda xursandchilik bilan qabul qilinayotganini ham alohida eʼtirof etmoq joiz.
– Oʻtgan 40 yillar davomida universitetimiz biror bir ishlab chiqarish tizimi bilan bu qadar samarador hamkorlikni yoʻlga qoʻymagan edi. “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi rahbarligidagi yetuk malakali kadrlar tayyorlash yoʻnalishida mutlaqo yangi shakl va mazmundagi hamkorlik aloqalari amaliy natijadorligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, jamiyat tomonidan taklif etilgan yosh bitiruvchilarni qayta tayyorlash va ish bilan taʼminlash tizimi biz uchun muhim yangilik, munosib eʼtibor boʻldi. Bitiruvchilarimiz endilikda ular tahsilni yana-da katta qiziqish va ishonch bilan davom ettirib, oʻz ustida tinimsiz ishlashmoqda, kelgusi mehnat faoliyatlarini aniq va manzilli rejalashtirishmoqda, – dedi Toshkent davlat texnika universiteti Energetika fakulteti dekani, texnika fanlari doktori Javohir Toshev.
Darhaqiqat, bugun jadal surʼatlar bilan taraqqiy etib borayotgan fan-texnika yetuk bilim va tafakkur sohiblarini tarbiyalash zaruratini kun tartibiga qoʻyadi. Jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, innovatsion yuksalish uchun ham zamonaviy bilimlarni egallagan, ilmli va masʼuliyatli kadrlarga boʻlgan talab va ehtiyoj hamisha yuqorilab boradi. “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash, ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish va rivojlantirish borasida olib borilayotgan bu kabi amaliy harakatlari yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga sezilarli hissa qoʻshadi.
Surayyo POʻLATOVA,
“Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va davlat tilini
rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi