Maktablardagi yozgi maydonchalar mavsumga tayyormi?
Yozgi ta’til bolalar uchun nafaqat hordiq chiqarish, balki yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash, iqtidorini namoyon etish hamda mazmunli vaqt o‘tkazish imkoniyati. Shu maqsadda mamlakat bo‘ylab umumta’lim maktablari qoshida turli yo‘nalishlardagi yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilda respublika bo‘ylab 1 ming 242 ta bepul yozgi sog‘lomlashtirish maydonchasi tashkil etildi. Ularda 156 ming 475 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan. Bu maydonchalar o‘quvchilarning ta’til kunlarini qiziqarli va foydali mashg‘ulotlar bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Maydonchalarda sport, san’at va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida to‘garaklar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual o‘yinlar va turli tanlovlar tashkil etilmoqda. Bu esa bolalarning jismoniy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini rivojlantirish va yangi do‘stlar orttirishi uchun qulay muhit yaratmoqda.
Shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati pedagoglar mehnati bilan ham uzviy bog‘liq. Maydonchalar tashkil etilgan maktablarda o‘qituvchilarning mehnat ta’tili tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkil etiladi. Bunda oromgohlar va maydonchalar faoliyatiga mehnat ta’tiliga chiqmagan pedagoglar jalb qilinib, ularga belgilangan tartibda oylik maoshlari to‘liq to‘lab beriladi.
Yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari bolalarning ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tashabbuslar har bir bolaning yozgi ta’tilini unutilmas va foydali o‘tkazishiga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA