Maktablar yangi o‘quv yiliga tayyormi?
Samarqand viloyatida bugungi kunda 1272 ta umumta’lim maktabi, 18 ta ixtisoslashtirilgan maktab va bitta Prezident maktabi, shuningdek, 46 ta nodavlat maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu muassasalarda 777 ming nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Yangi o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 91 ming 700 nafardan ortiq o‘quvchi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Ular uchun 13 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” keltirilib, barcha maktablarga yetkazilgan.
Shu paytgacha aksariyat maktablar joriy ta’mirlanib, o‘quv yiliga shay holatga keltirildi. 76 ta umumta’lim maktabi va 28 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun tegishli davlat dasturi asosida respublika byudjetidan 370 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

– Qurilish ishlari yakuniga yetishi bilan umumta’lim maktablarida 21 mingga yaqin qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 750 ta yangi o‘rin yaratiladi,– deydi Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi Yangi O‘zbekiston massivida 330 o‘rinli yangi maktab va sport zal qurilmoqda. Narpay tumanidagi 64-maktabning mavjud binosi mukammal ta’mirlanmoqda. Ishtixon, Urgut, Nurobod, Qo‘shrabot, Payariq tumanlaridagi mahallalarda yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilmoqda. 21 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilinmoqda.

Yangi o‘quv yilidan viloyatda 5 ta nodavlat umumta’lim tashkiloti faoliyat boshlaydi va ularning umumiy soni 51 taga yetadi. 143 ta tayanch maktabda “Kasbiy mahorat xonasi” tashkil etiladi. Inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan umumta’lim maktablari 104 tadan 150 taga yetkaziladi. Bu yil har tuman va shaharda bittadan, jami 16 ta “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu paytgacha viloyat bo‘yicha 117 ta maktabda yangicha baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi, endi ularning qatoriga yana 83 ta maktab qo‘shiladi.

Yaqinda yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan ustozlar forumida viloyatdagi 86 ta maktabda ta’lim darajasi pastligi, pedagoglarning sifat tarkibi, ya’ni oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi bo‘yicha viloyatda o‘rtacha ko‘rsatkich 31 foizni tashkil etayotgani, Urgut, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om, Payariq va Nurobod tumanlarida bu ko‘rsatkich yanayam pastligi tanqid qilindi. Shuningdek, xorijiy til fan o‘qituvchilarining milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar ham yaxshi emasligi aytildi. Maktab bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi 27 foiz atrofida ekanligi ham Samarqandda maktab ta’limi sifatini oshirish uchun hali ko‘p mehnat qilinishi kerakligini ko‘rsatadi.

– O‘tgan o‘quv yili yakunlari tahlili hamda ustozlar forumida viloyatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat, tuman va shahar hamda maktab darajasida reja va dasturlarni qayta ko‘rib chiqdik, – deydi M.Hamdamov. – Shu asosda bu yil oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 10 foizdan 12 foizga, birinchi toifalilar ulushi 18 foizdan 21 foizga, ikkinchi toifalilar 24 foizdan 26 foizga yetkaziladi. 631 nafar (o‘tgan yil 986 nafar edi) stajyor o‘qituvchi kasbiy sertifikatlash uchun nazorat sinovlaridan o‘tkaziladi. Milliy va xalqaro sertifikat olgan o‘qituvchilar ulushi 47 foizdan 63 foizga yetkaziladi. Bu natijalarga erishish uchun viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, pedagogik mahorat markazi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab oldik. Eng muhimi, bunga viloyatimizda imkoniyat bor, salohiyatimiz yetadi. Gap belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli bajarishimizda. Yangi o‘quv yilini oldimizga ulkan maqsadlar qo‘yib, marrani baland olib boshlayapmiz, fidoyilik bilan mehnat qilsak, bu maqsadlarimizga, albatta, yetamiz.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri