Maktabgacha ta’lim tizimi isloh qilinadimi? (+video)
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan qamrov darajasini 100 foizga, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini 56 mingtaga yetkazish va barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini kompyuter sinfi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlar yo‘lida sa’y-harakatlar boshlangan bo‘lib, Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida soha mutasaddilari bu borada qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berishdi.
Ta’kidlandiki, 2017 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni
5 211 tani tashkil etgan bo‘lsa, sohaga nodavlat sektorni keng jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy qilinishi natijasida 2023 yilga kelib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6,5 barobarga ortib, salkam 34 mingtaga yetkazildi.
Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 74 foizga yetdi. Aytildiki, har bir bolaning maktabga kirishidan bir yil oldin umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya” to‘g‘risidagi qonun bilan kafolatlandi. 2023 yil yakuniga kelib bu yo‘nalishga qamrab olingan 6 yoshli bolalar ulushi 93 foizga yetdi.
Maktabgacha ta’lim xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida 25 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 662 ming nafar bola qamrovi ta’minlandi.Ushbu muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog kadrlar soni 58 ming nafardan 160 ming nafarga oshirildi. Oliy ma’lumotli pedagog kadrlarning ulushi 21.6 foizdan 34.1 foizga yetkazildi.
Barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘quv-uslubiy, ko‘rgazmali va didaktik materiallar bilan ta’minlandi. O‘tgan yili sohada xorijiy investitsiya loyihalarini muvafaqqiyatli amalga oshirilishi natijasida jami 260 mln dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ushbu mablag‘ning salkam yarmi o‘zlashtirildi.
Matbuot anjumanida bugungi kunda soha oldida turgan muhim vazifalar va muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jurnalistlarning bu borada bergan savollariga atroflicha javob qaytarildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fKB1HlZbI5s" title="Maktabgacha taʼlim tizimi isloh qilinadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA