Maktabgacha ta’lim sohasida olib borilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Bozor iqtisodiyoti sharoitida demokratik qadriyatlarni rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida inson iqtisodiy va siyosiy hayotning faol sub’ekti sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida yosh avlodni butun hayoti davomida o‘rganish va ta’lim olish qobiliyati bilan qurollantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Uzluksiz ta’lim ijodiy, ijtimoiy faol hamda ma’naviy boy shaxsni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Uzluksiz ta’limning yagona tizimida esa maktabga tayyorgarlik muhim o‘rin tutadi.
Ilmiy tadqiqotlar natijalari inson o‘z umri davomida o‘zlashtiradigan barcha axborot va ma’lumotlarning qariyb 70 foizini 5 yoshga bo‘lgan davrda egallashini tasdiqladi. Mazkur omil uzluksiz ta’limning yagona tizimi asosiy bo‘g‘ini sifatida maktabgacha ta’limning ahamiyatini belgilaydi.
Shu bois 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi.
O‘tgan vaqt davomida mazkur sohani tubdan isloh qilishga qaratilgan 96 ta normativ-huquqiy hujjat – shundan 3 ta farmon va 19 ta Prezident qarori, Vazirlar Mahkamasining 44 ta qarori va 8 ta farmoyishi, 13 ta idoraviy va 7 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan chora-tadbirlarning sohaga izchil tatbiq etilishi natijasida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yilgi 27 foizdan 2021 yilga kelib 62,4 foizga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni esa 5211 tadan, 19316 taga oshdi. Yakunda esa, 658 961 nafar 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 507 145 nafari (77 foizi) maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan 2030 yilga kelib bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80,8 foizga yetkazish maqsad qilingan.
O‘zA