Maktab o‘quvchilari chempion bilan uchrashdi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumani “Bunyodkor” mahallasida istiqomat qiluvchi Davlatbek Abdumurotov joriy yilning 10-14 dekabr kunlari sportning kikboksing turi bo‘yicha Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 67 kg vazn toifasida 1-o‘rinni egallab, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xatirchi tuman bo‘linmasi tomonidan D.Abdumurotov o‘qigan 9-umumta’lim maktabida “Chempion va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni joylarda aholining barcha qatlamlari orasida sportni keng targ‘ib qilishga, sport bilan shug‘ullanuvchilar sonining oshishiga xizmat qilmoqda. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Xatirchi tumanida ham ko‘plab sport tadbirlari va musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xatirchi tuman bo‘linmasi tomonidan yoshlar, maktab o‘quvchilari, mahalla faollari ishtirokida sportning futbol, stol tennisi, shaxmat, shashka, voleybol va kurash turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda.

Joriy yil noyabr oyida stol tennisi bo‘yicha 13-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida “Mahalla kubogi” respublika turnirining Navoiy viloyat bosqichida tumandagi “Chinobod” mahallasi yoshlari Sherbek Nuriddinov va Yulduz Sadriddinova faxrli birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Kelgusi 2023 yilda esa Xatirchi tumanining olis “Ko‘ksaroy” mahallasida mahalla yoshlari uchun sport maydonchasi qurib berish rejalashtirilgan.
Uchrashuv so‘ngida Fond tomonidan Osiyo chempioni D.Abdumurotovga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA