Maktab, o‘quvchi taqdiri – millat taqdiri demakdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytgan gaplari barcha o‘qituvchi-pedagoglarning qalbidagi, dilidagi gaplar bo‘ldi.
Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytgan gaplari barcha o‘qituvchi-pedagoglarning qalbidagi, dilidagi gaplar bo‘ldi.
Videoselektor yig‘ilishida yig‘lab o‘tirdim. Davlatimiz rahbarining har bir so‘zlari marhum otam Yo‘ldosh Ashurovni qayta-qayta eslataverdi.
Otam maktabimizda 20 yildan ortiq vaqt mobaynida direktor bo‘lib faoliyat yuritdi. Ayni vaqtda otamning ishini davom ettirayapman. Aynan otam rahbarlik qilgan maktabda O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdieva kamol topgan.
Hali-hali yodimda, otam direktor bo‘lsalarda, onam bilan maktab pollarini yuvganlarini o‘zim ko‘rganman, chunki barcha farroshlar, qorvulu o‘qituvchiyu o‘quvchilargacha yoppasiga paxta terimiga olib ketilar edi. Bir gal “Normani bajarmading!”, deya otamni bir kun qamab ham qo‘yganlari ham hamon esimda.
Qani endi, otajonim hozir hayot bo‘lsalar-u, bugungi o‘qituvchi, maktab, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tiborni, ustoz-muallimga qaratilayotgan hurmatni bu qadar ulug‘langanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, shunday ajoyib sharoitda yana ishlasa, degan fikr, selektor davomida meni tark etmadi.
Bu oddiy yig‘ilish emas, balki millatga, xalqqa Murojaat bo‘ldi. Mamlakat rivoji, millat taqdirining tayanch nuqtasi maktab ekani yana bir bor ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimizning joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Masalan, 2030 yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu bejiz emas, chunki 2030 yilda O‘zbekistonni eng rivojlangan 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilib qo‘yilgan. O‘sha davrda bugun maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilarimiz mamlakat, davlat, jamiyatga xizmat qiladigan barkamol avlod bo‘lib kamol topadi, demak, mamlakat taqdiri, kelajagi bugun maktabda hal bo‘layapti.
Yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan tuman pedagoglarining avgust anjumanida ishni nimadan boshlaymiz, nimalarni amalga oshiramiz, degan savollarga javob izladik va yangi o‘quv yili uchun “Ta’limda islohotlar: O‘zgarishni o‘zimizdan boshlaymiz!”, degan shiorni qabul qildik. Barcha darslarimiz “Ochiq dars”, deb e’lon qilinib, konspektsiz kelgan o‘qituvchi darsga qo‘yilmaydigan bo‘ldi. O‘qituvchilarning salohiyati, ularning o‘z ustida ishlashi doimo rag‘batlantiriladigan bo‘ldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “...Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq”, Darhaqiqat, o‘qituvchi o‘zgarmasa, ta’lim sifati o‘zgarmaydi.
“Eng yaxshi o‘qituvchi”, “Ijodkor o‘qituvchi”, “Kitobxon o‘qituvchi” kabi tanlovlar, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil qilishga, “Oy o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazishga kelishib oldik, eng yaxshi o‘qituvchilarimiz haqida “Sirdaryolik fidoyi muallimlar” kitobi chop etishga qaror qilindi.
Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rnini ta’minlash uchun tizimli ishlar rejasi tuzildi, juma kuni “Maktab kuni” deb e’lon qilinib, darsdan 1 soat oldin ota-onalar uchun “Ma’rifat saboqlari”ni o‘tkazish, ularni o‘z farzandlari bilan yonma-yon o‘tirib dars tinglashiga imkoniyat yaratiladigan bo‘ldi.
Boshlanadigan o‘quv yili barchamiz uchun sinov ekanligini anglab turibmiz. O‘z faoliyatimiz bilan maktab ta’limini rivojlantirishni umummilliy harakatga aylanishiga hissa qo‘shishimiz ham qarz, ham farz demakdir.
Video selektor yig‘ilishida Davlatimiz rahbari “Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”, deya ta’kidladi. Chunki maktab taqdiri – millat taqdiridir, millatimiz taqdiriga befarq bo‘lishga hech bir o‘qituvchining, hech bir O‘zbekiston fuqarosining haqqi yo‘q.
Nigora AShUROVA,
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi
8-umumta’lim maktabi direktori