Makron Le Penni Rossiya hukumatiga va Putinga tobelikda aybladi
Fransiyaning amaldagi Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining raqibi “Milliy birlashuv” o‘ta o‘ngchilar partiyasi yetakchisi Marin Le Penni Rossiya hukumatiga va RF Prezidenti Vladimir Putinga tobelikda aybladi.
"Siz 2014 yilda Qrim anneksiyasi natijasini tan olgan Yevropadagi birinchi siyosatchi bo‘lgansiz. Bu bizning mamlakatimiz uchun yomon yangilik. Siz Rossiya hukumatiga, janob Putinga tobesiz", – dedi Makron Le Pen bilan uyushtirgan telebahsda.
U shuningdek, Le Penni 2017 yilda Rossiya bankidan kredit olganlikda ham aybladi.
"Men bu ishni Fransiya banklari kredit berishni istamagandan keyin qildim", – deb javob berdi unga Le Pen.
Fransiya Prezidenti saylovining birinchi davrasi 10 aprelda bo‘lib o‘tdi. Fransiya ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotda aytilishicha, o‘shanda Makron 27,84 foiz ovoz olgan, Le Pen esa 23,15 foiz ovoz bilan qanoatlanishga majbur bo‘lgan. Kelayotgan yakshanba kuni saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.