Majlis Nazarboev devonxonasiga bir milliard tenge ajratdi
Bugun majlis yig‘ilishida deputatlar uch yillik respublika budjeti to‘g‘risida senat tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga tuzatish kiritishga rozi bo‘ldi va Birinchi Prezident devonxonasiga bir milliard tenge ajratdi.
Bugun majlis yig‘ilishida deputatlar uch yillik respublika budjeti to‘g‘risida senat tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga tuzatish kiritishga rozi bo‘ldi va Birinchi Prezident devonxonasiga bir milliard tenge ajratdi.
4 aprel kuni senat uch yillik budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasini majlisga qaytardi, qonun loyihasiga yelbasi (elboshi) devonxonasiga bir milliard tenge ajratish, alohida olingan fuqarolar va davlat xizmatchilarining maoshi oshirilishi 1 iyuldan emas, balki 1 iyundan ishga tushirilishi va Ostonaning Nursultonga o‘zgartirilishi nazarda tutilishi qayd qilindi.
Bu maqsadlar uchun, hamkasblarini senat kiritgan tuzatishlar bilan tanishtirgan majlisning moliya va budjet qo‘mitasi a’zosi Serik Kusainovning aytishicha, budjetdan 38 milliard tenge ajratiladi. Majlis deputatlari muhokamalarsiz bir ovozdan qonun loyihasini ma’qulladi.
Bundan avval Qozog‘iston moliya vaziri o‘rinbosari Tatyana Saveleva jurnalistlarga Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboev devonxonasini tashkil qilish uchun bir milliard tenge (2,6 million dollar) ketishini aytgan edi.
Mamlakatga salkam 30 yil rahbarlik qilgan Nursulton Nazarboev shu yilning martida Qozog‘iston Prezidenti vakolatini o‘zidan soqit qildi. “Birinchi Prezident - millat lideri” to‘g‘risidagi konstitutsion qonunga ko‘ra, Nazarboev mamlakat tarixida beqiyos imtiyozlarga ega bo‘ladi: uy, dala hovli, avtomobil, pensiya, xuddi amaldagi Prezident singari qo‘riqlash xizmatidan foydalanadi, umrbod daxlsiz bo‘lgan bank hisoblariga, mulkka ega bo‘ladi va sudlanmaydi.