Maishiy gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilmoqda
Navoiy viloyatida mavjud maishiy gaz ballonlarni sinash va ta’mirlash sexlarida ta’mirtalab gaz ballonlar ko‘zdan kechirilib sinovdan o‘tkazilmoqda.
Ma’lumki, maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqliligi, texnik jihatdan sozligi muhim ahamiyatga ega. Ular birinchi marta 5 yilga, keyin esa uch yilga sinovdan o‘tkaziladi.
Bunda avvalo, maishiy gaz balloni og‘ir qoldiqdan bo‘shatilib, maxsus uskunaga o‘rnatilgan holda suv bilan to‘ldiriladi. Gaz ballon 25 kg bosim ostida 7-10 daqiqa sinaladi. Bosim ostida sinash vaqtida maishiy gaz ballonning holati ko‘zdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, shishish holati sezilsa, yaroqsiz hisoblanadi va utilizatsiya qilinadi. Sinovdan o‘tgan ballonlarning tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Shundan so‘ng foydalanishga yaroqli deb topshiriladi.
- Bugungi kunda viloyatdagi maxsus sinov sexlarida kuniga 100 dan ortiq maishiy gaz balloni sinovdan o‘tkazilmoqda, - deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali xodimi Ulug‘bek Nurimov. - O‘tgan oyda 1541 ta gaz balloni sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, yil boshidan buyon bu ko‘rsatgich 10 ming 594 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, maishiy gaz ballondan to‘g‘ri va xavfsiz soz holatda foydalanishda iste’molchilarning ham majburiyatlari borligini unutmaslik lozim. Har bir iste’molchi gaz ballonni belgilangan qoidalarga mos ravishda o‘rnatishi va undan to‘g‘ri foydalanishi lozim. Maishiy gaz ballonga zarar yetkazish, yaroqsiz holda foydalanish ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu o‘rinda, iste’molchilar maishiy gaz ballonda gaz sizib chiqish holati yoki boshqa nosozlik kuzatilganda, avariya dispetcherlik xizmatining “104” raqamiga yoki “1104” raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi lozim.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri