Mahsulot omborda qolib ketmaydi
Jumladan, tadbirkorlar bilan hududlarda oʻtkazilgan suhbatlarda ularning 330 tasida turli yoʻnalish boʻyicha muammolar mavjudligi aniqlangan.
Fargʻona viloyati prokuraturasi tomonidan pandemiya sharoitida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish borasidagi muammolar oʻrganilib, ularga amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 20-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sentyabrda 26 mingta korxona faoliyatini toʻliq quvvatga olib chiqish, ularning pandemiya tufayli toʻplanib qolgan mahsulotlarini sotish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida vazifalar belgilab berilgan edi. Fargʻona viloyatida ham ushbu yoʻnalishda tegishli tadbirlar olib borilyapti.
Jumladan, tadbirkorlar bilan hududlarda oʻtkazilgan suhbatlarda ularning 330 tasida turli yoʻnalish boʻyicha muammolar mavjudligi aniqlangan. Koʻrilgan choralar natijasida 288 ta sanoat korxonasiga mahsulotini realizatsiya qilish uchun xaridor topishda, 14 tasiga joy ajratilishida, bittasiga kommunal sohadagi muammosi hal etilishida amaliy yordam koʻrsatildi.
Omborida 70 million soʻmlik oyoq kiyimlari saqlanayotgan “Uzsalaman” qoʻshma korxonasi rahbari bilan oʻtkazilgan suhbat jarayonida koʻtarilgan “Fargʻona savdo majmuasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati hududidan savdo doʻkoni ajratishga doir muammo hal etilib, ombordagi mahsulotlar toʻliq sotuvga chiqarildi. “Arabmozor obod qurilish” MCHJ omboridagi realizatsiya qilinmasdan turgan 104 million soʻmlik mahsulot shartnoma asosida sotilishiga erishildi.
Shuningdek, 2 ta sanoat korxonasi omborida qoldiqda turgan jami 365 million soʻmlik mahsulotlar eksport qilinishiga amaliy yordam koʻrsatildi.
Mahsulotlarni realizatsiya qilish borasida muammolari mavjud boʻlgan sanoat korxonalariga mehnat resurslarini topish, tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishdagi muammolar ham joyida hal qilinmoqda.