Mahorat, izlanish, iste’dod maydoni
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari sho‘’ba mashg‘ulotlari so‘lim tabiatning sharqiroq soylari ming jilg‘aga bo‘lingan maskanlarda o‘tkazildi.
Ustoz ijodkorlarning qimmatli fikrlari har bir yosh ijodkor uchun foydali bo‘lmoqda.
–Ayrim yosh ijodkorlarda o‘zi tushunmagan tuyg‘ularni ifodalash, nasihat tarzidagi she’rlar ko‘zga tashlanadi, – dedi taniqli shoir Aziz Said. – Ijodkor o‘z yoshiga mos fikrlarni aytishi kerak. So‘zlar chiroyli bo‘lishi mumkin, lekin ular eng avvalo ijodkorning yoshiga mos bo‘lishi kerak. Zo‘rma-zo‘raki she’rlar yashab qolmaydi.
–She’rni istalgan vaznda, shaklda yozish mumkin, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – She’rda kuchli hayot mantig‘i bo‘lishi, u haqiqatga tayanishi, kitobxonni ishontira olishi, ta’sirlantirishi kerak. She’r hamma ko‘rib turgan narsaning hech kim anglamagan jihatini ifodalash demakdir. Bu juda katta malakani talab etadi. Uning uchun esa tinimsiz mutolaa kerak.
[gallery-18138]
–Xorijiy davlatlardagi ko‘plab adabiy festivallarda ishtirok etganmiz, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur. – O‘zbek she’riyati nihoyatda ilg‘or she’riyat ekanini yana bir bor dildan anglaganmiz. Oxirgi 100 yilgi she’riyat juda katta bosqichni bosib o‘tdi. Yoshlarimiz Mirtemir, Oybek, Shayxzoda kabi shoirlar ijodini ko‘proq o‘rganishi kerak. Ayniqsa, Mirtemir ijodida o‘zbek tilining so‘z boyligi juda yorqin ko‘zga tashlanadi.
–Bugun yosh ijodkorlar uchun misli ko‘rilmagan sharoitlar yaratilmoqda, – dedi atoqli adib G‘afur Shermuhammad. – Biz o‘qigan davr bilan hozirgi davrni hatto solishtirib ham bo‘lmaydi. Yoshlar bunday imkoniyatlarning qadriga yetishi kerak.
–Tarjima ijodkordan ikki hissa mehnat, mas’uliyatni talab etadi, –dedi taniqli ijodkor, tarjimon Begoyim Xolbekova. – Bugun tarjima sohasida yoshlar juda faol izlanish olib bormoqda. Ularning ayrim ijod namunalarini xorijiy davlatlarga ham yubordik. Tarjimonlar turk, ingliz, fors va boshqa ko‘plab tillardan namunalar ustida ish olib borayotgani diqqatga sazovor.
Seminar o‘z ishini davom ettirmoqda. Bularning bari yosh ijodkorlar uchun mahorat, izlanish, o‘z bilimlarini yanada kuchaytirish sabog‘iga aylanishi aniq.
Nazokat Usmonova,
Jamshid Yorbekov (suratlar),
O‘zA